Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi va Nukus davlat texnika universiteti hamkorligida talaba-yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, milliy va ma’naviy immunitetni shakllantirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish maqsadida – “Turon botirlari” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi
Musobaqa 12 ta murakkab va qiziqarli shartdan iborat bo‘lib, har bir sinov ishtirokchilarning jamoaviy hamjihatlik, jismoniy tayyorgarligi, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati, bilim va tafakkur salohiyati, chaqqonligi va matonatini keng ko‘lamda sinovdan o‘tkazdi.


Qiziqarli o‘tgan musobaqada 6 ta jamoa o‘zaro bahs olib bordi. Har bir bosqich yoshlarning mahorati, chidamliligi va malakasini yuzaga chiqarishga xizmat qildi. Jumladan arqon tortish, harbiy estafeta, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, merganlik mahorati, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tezkor savol-javob va boshqa intellektual sinovlar davomida talabalarning yuzidagi ishonch, ko‘zlaridagi g‘urur, har bir harakatidagi mas’uliyat – barchasi kelajak bunyodkorlarining qanday katta kuchga ega ekanligidan dalolat berdi.


Qizg‘in bahs-munozaralar, kuch va aql sinovlaridan so‘ng g‘olib jamoalar aniqlanib, ular okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ittifoqi tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri