Jizzax shahridagi “Kibersport” arenasida penchak silat sport turi bo‘yicha barcha yosh toifalari o‘rtasida “Uzbekistan Open” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan sportchilardan tashqari, qo‘shni Qozog‘iston hamda Qirg‘iz Respublikalarining penchak silatchilari ham ishtirok etishdi. 600 nafardan ortiq turli yosh toifalaridagi sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.

Turnir O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi, Jizzax viloyat hokimligi hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etildi. Bahslarda 8 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, penchak silat Indoneziya sport jang san’ati bo‘lib, yakka va jamoaviy kurash turi hisoblanadi.

Penchak silatning boshqa Sharq yakka kurashlardan farqi, bu jang san’atida inson tanasining barcha qismlari ishtirok etishidir. Penchak silat qadimda va hozir ham Indoneziyada nafaqat raqibdan o‘zini himoya qilish va yoki unga hujum qilish, balki inson ruhini chiniqtirish maqsadida ham qo‘llanib kelmoqda.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘alabaga jizzaxlik penchak silatchilar ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgani quvonarlidir.
Jizzax vohasining 17 nafar turli yoshdagi penchak silatchisi oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ularning yana 16 nafari kumush va 9 nafari bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Barcha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari