Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turli tomosha va shoular muzey eksponatlariga zarar yetkazadimi?
17:14 / 2019-12-10

Nukusdagi “Sahro Luvri” nomi bilan dunyoga tanilgan I.V.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi atrofi keyingi paytlarda har xil ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylanib bormoqda.


Nukusdagi “Sahro Luvri” nomi bilan dunyoga tanilgan I.V.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi atrofi keyingi paytlarda har xil ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joyga aylanib bormoqda. Yaqinda ikkita siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqot tadbirlarini o‘tkazishi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sababchi bo‘ldi.

Shaharning qoq markazida joylashgan muzey atrofi yangi binolari ishga tushirilgandan keyin haqiqatdan ham go‘zal manzilga aylandi. Aynan shu yerda balandligi 55 metrlik bayroqlar o‘rnatilgan. Muzey atrofi yashil maysa bilan qoplangan.

Mana 3 yildirki muzeyning oldida Navro‘z bayrami tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Yaqin vaqtlar ichida bu yerda “Open Air” simfonik orkestr konsert dasturi, ba’zi partiyalarining saylov oldidan mitinglari o‘tkazildi. Tadbir izi madaniy tadbirlarga ulandi.

Muzey atrofida har xil shoular, konsertlarning o‘tkazilishi ko‘plab mutaxassislarning hamda fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

– Masala shundaki, shovqin-suronlar muzeydagi nodir asarlarga ziyon yetkazishi mumkin, – deydi ismi-sharifini ko‘rsatmaslikni iltimos qilgan muzey xodimi. – Muzeyga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar shovqin-suran ostida eksponatlarni tomosha qilishni xohlamaydi. Tashqaridagi konsertlarning ovozi ichkaridagi gidlarning ovozini ham bosib ketayotgani aytilmoqda. Muzey oldida har yili Navro‘z bayrami o‘tkaziladi. Unga haftalab tayyorgarlik ko‘riladi. Bu esa, albatta, kimning bo‘lsa ham jig‘iga tegishi turgan gap. Muzeydagi bitta asarga ziyon yetadigan bo‘lsa, qancha yo‘qotish bo‘ladi. Uning shov-shuvi butun dunyoga tarqaladi.

Muammoning yana bir tomoni, bu yerda o‘tkaziladigan tadbirlar uchun ko‘p miqdorda elektr energiyasi sarf qilinadi. Energiya manbai esa muzey binosiga tegishli transformatordan olinadi. Bu muzeyga moddiy jihatdan ham zarar. Yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasi o‘tkazilgan joylar albatta xavfli bo‘ladi. Mabodo, qisqa tutashuvlar sodir bo‘lsa, oqibati nima bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Parijdagi Notr Dam cherkovining ayanchli qismati saboq bo‘lishi kerak.

Muzeyning atrofi yosh kelin-kuyovlar tashrif buyuradigan maskanga aylanib ketdi. Qaerda shunday marosim o‘tkazilsa shu yerda tilanchilar ham ko‘payib ketadi. Xorijiy sayyohlar ko‘p keladigan joyda tilanchilarning yurishi davlatimizning imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ushbu masalalar yuzasidan tegishli organlarga murojaat qildik.

“Nukus shahridagi I.V.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi oldidagi maydonda o‘tkazilayotgan turli shou va konsertlar muzey xodimlarini ham, vazirlik mutasaddilarini ham birdek tashvishlantirib kelmoqda. Madaniyat vazirligi tadbirning faqat madaniy qismi uchun mas’ulligi va tadbir o‘tkaziladigan ob’ekt-joy mahalliy hokimliklar tomonidan belgilanishini hisobga olgan holda, holat yuzasidan yuqori tashkilotlarga bir necha bor murojaat etilgan. Qayd etish joizki, bu kabi tadbirlarni o‘tkazish avvalgi yillarga nisbatan qisqargan. Tez fursatda tadbirlarni cheklash uchun tegishli tashkilot va mutasaddi organlarga yana murojaat qilinadi” deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining matbuot xizmati javobida.

Muzey rahbariyatining ma’lumotiga ko‘ra, sayyohlik mavsumi paytida muzeyga xorijdan tashrif buyuruvchilar soni kuniga 200 nafardan ham ortib bormoqda. Ba’zi paytlarda bir kunning o‘zida muzeyga 5000 kishi tashrif buyurgan.

– Muzey atrofida har xil tadbirlar o‘tkazilishi bizni jiddiy xavotirga solmoqda, – deydi muzey direktori Gulbahar Izentaeva. – Chunki ovoz kuchaytiruvchi apparaturalarning to‘lqinlari muzeyda saqlanayotgan nodir eksponatlarga jiddiy shikast yetkazishi mumkin. Shuningdek, konsert dasturlariga tashrif buyurgan minglab kishilar muzeyning oldidagi yer maydonlariga har xil chiqindilar tashlab ketmoqda, maysazorlarni tepkilab ketmoqda. Tadbirlarni o‘tkazishda muzeyning elektroenergiyasidan foydalanilmoqda, sahnaga chiqadigan artistlar esa xonalarimizni garderob qilmoqda. Muzey atrofini tilanchilardan tozalash, kelin-kuyovlarning ziyorat qilishini to‘xtatish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik, lekin naf bermayapti.

Ma’lum bo‘lishicha, kortejlarda sayr qilgan kelin-kuyovlarning o‘rtoqlari mast holatda ichimlik shishalarini muzey binolariga urgan vaqtlar ham bo‘lgan ekan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzey bilan kutubxona tinchlik-sokinlikni talab qiladigan joy. Tashrif buyuruvchilar eksponatlarni tinchlikda o‘yga tolib tomosha qilishadi. Ba’zi xorijiy davlatlar muzeylarida oyoqqa ovoz chiqarmaydigan poyabzallar kiyib yuriladi.

Ushbu muzeyning dong‘ini dunyoga tarqatishda xizmat qilayotgan kartinalarning ba’zilari bo‘yoqlari qurg‘ab, arang turibdi. Ovoz kuchaytiruvchi apparatlardan tarqalgan desibellar esa ushbu eksponatlarning parchalanishini tezlatishi mumkin. Ularni o‘z holiga olib keladigan restavratorlar esa yurtimizda yo‘q. Xorijdan chaqirtirilsa, unga ancha ko‘p miqdorda pul to‘lashga to‘g‘ri keladi.