Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oldingi yillarda tashkil etilgan qayta tayyorlash kurslari sertifikati bilan bog‘liq murojaatlar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1991-1994 yillarda o‘sha davrdagi A.Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti va hududiy malaka oshirish institutlarida turli fanlar bo‘yicha 2-3 oylik qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan. Mazkur kurslarning davomiyligi va ularga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha tartibga soluvchi yagona normativ hujjat bo‘lmaganligi sababli, ushbu kurslarning muddatlari har biri 288 soatdan 400 soatgacha turlicha belgilangan.
O‘tgan yillar davomida turli qayta tayyorlash kurslarida o‘qigan tinglovchilar tegishli kurslar sertifikatini qo‘lga kiritgan (u davrda qayta tayyorlash uchun sertifikat berilgan).
Ammo, shu bilan bir qatorda, o‘sha paytlarda qalbaki qayta tayyorlash sertifikatlari ham tarqalgan. Bunday holatlar bo‘yicha bugungi kunga qadar 14 ta hududiy malaka oshirish markazlari va A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot institutiga sertifikat haqqoniyligi yoki qalbakiligini aniqlashtirish maqsadida ish beruvchilar va boshqa vakolatli tashkilotlar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Qayd etilmagan, soxtalashtirilgan sertifikatlar va diplomlar to‘g‘risida ma’lumotlar o‘z vaqtida berib kelinmoqda.
Ta’kidlash lozimki, 2006 yilga qadar, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevraldagi «Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori tasdiqlangunga qadar bunday holatlar davom etgan.
Yuqoridagi qaror tasdiqlangandan so‘ng qayta tayyorlash kurslari normativ hujjatlari tartibga solinib, bu kabi holatlarga chek qo‘yilgan. Shunga qaramasdan, ayrim bir tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘sha davrda soxtalashtirib qo‘lga kiritgan sertifikatlari orqali ish faoliyatini olib borgan holatlar aniqlandi.
Bunday holatlar bo‘yicha A.Avloniy nomidagi institut doimiy ravishda ish beruvchilar, maktablar, tuman xalq ta’limi bo‘limlari, viloyat boshqarmalari va joylardagi moliya bo‘limlari hamda boshqa vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bundan keyin ham shu kabi sertifikatlarning haqqoniyligini o‘rganish bo‘yicha Milliy tadqiqot instituti va 14 ta hududiy markazlar hamkorlikka tayyor.
O‘zA