Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TURKSOYning 30 yillik yubileyi: yangi g‘oya va tashabbuslar sari dadil qadam
12:36 / 2023-06-20

TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari yangi tashabbuslarga asos bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan yo‘llangan Prezidentimizning tabrigi xalqaro miqyosdagi bu tantanalarga o‘zgacha ruh, yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Bo‘lib o‘tgan muloqotlar davomida turkiy tilli davlatlarning vakillari hamkorlikning galdagi istiqbollarini belgilab oldi. Bu borada xalqaro miqyosdagi tadbir ishtirokchilarining fikrlari qanday?

Sulton Rayev, TURKSOY bosh kotibi:  

– Biz O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri bilan birgalikda mamlakatingiz va TURKSOY davlatlari madaniy-ma’rifiy hamkorligining ayrim jihatlarini ko‘rib chiqdik. Kelgusida birgalikda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qator dolzarb masalalar xususida fikr yuritdik. Ulardan biri – jadidlar faoliyatiga oid simpoziumni o‘tkazish. Tarixdan bilamizki, jadidlar O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi ilk ma’rifiy harakatlardan sanaladi. Biz uchun yana bir muhim masala – Farg‘ona viloyatida TURKSOY olamining xalqaro etnomoda festivalini o‘tkazish bo‘yicha ham maslahatlashib oldik. Shuningdek, Samarqandda TURKSOYga a’zo davlatlar turizm vazirlarining forumini o‘tkazish ham muloqotlarimizning kun tartibidan o‘rin oldi. Aytish kerakki, agar turkiy davlatlar bir go‘zal uzuk bo‘lsa, O‘zbekiston uning betakror jozibaga ega bo‘lgan ko‘zidir. TURKSOYning 30 yillik yubileyi mamlakatingizda juda baland saviyada nishonlandi. O‘zbekiston biz uchun lokomotiv mamlakat hisoblanadi.

Orxan Birdal, “Turkish Airlines“ aviakompaniyasining boshqaruv a’zosi:  

– Hozirgi paytda “Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasining O‘zbekistonga haftada 31 ta doimiy reyslari mavjud bo‘lib, bu parvozlarning 19 tasi Istanbul shahridan va bittasi Anqara shahridan Toshkentga amalga oshiriladi. Qolganlari esa Samarqand, Buxoro, Farg‘ona kabi boshqa shaharlarga yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu parvozlar sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda ishlar olib boramiz.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri:  

– Vatanimizda yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, ya’ni buyuk tarixiy shaxslarni dunyoga tanitishda yoxud bizning tarixiy, ilmiy, adabiy, ma’rifiy, badiiy asarlarimizni boshqa tillarga o‘girish va targ‘ib etish bo‘yicha ham ko‘plab ishlarni amalga oshirish rejalarimiz bor. TURKSOY tashkiloti bilan asosan Beruniy, Bobur, jadidlar hayoti, faoliyatini yoshlarga tanishtirish bo‘yicha qator loyihalar yuzasidan kelishib oldik.

Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri:

– Xalqlarni yaqinlashtirish, shu yo‘lda olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlarni odamlar bilishi kerak. Bu yo‘lda biz – ijodkorlar mas’ulmiz. Allaqachon xalqaro aloqalarimizni kuchaytirish taqozo etilayotgan edi. Shunday ekan, umumiy do‘stlik qo‘rg‘oniga aqalli bitta g‘isht qo‘ya olsak, biz baxtlimiz.

Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq artisti:

– TURKSOY – turkiy davlatlarning bir-biriga bo‘lgan mehrini, muhabbatini, madaniyatini, o‘zaro yaqinligini, qadrdonligini isbotlayotgan tashkilot. Mamlakatimizda milliy madaniyat va san’atga qaratilayotgan e’tibor TURKSOY faoliyatida O‘zbekistonning qizg‘in ishtirokida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

 

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi