French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TURKSOY – turkiy davlatlarning oltin rishtasi
20:53 / 2024-07-12

Bugun Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tashkil topgan kun.

Turkiy xalqlarning madaniyati, san’ati, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib etishda muhim o‘rin tutuvchi mazkur tashkilot 1993 yil 12 iyulda Olmaota shahrida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi kelishuv natijasida ta’sis etilgan edi.

Mamlakatimizning TURKSOY bilan hamkorligi, ayniqsa, oxirgi yillarda, ya’ni islohotlarning yangi davrida mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkiy xalqlar o‘rtasidagi birodarlik, hamjihatlik, do‘stlik, ahillikni yanada mustahkamlashga doir ezgu tashabbuslari xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etildi. Shu asosda yangi g‘oyalarga asos solindi.  

Mamlakatimiz va turkiy davlatlarda adabiyot, madaniyat va san’at, kinematografiya, tasviriy va amaliy san’atga taalluqli bir-birini takrorlamas festivallar, anjumanlar, ijodiy tanlovlar, ko‘rgazmalar keng quloch yozdi. Bular shunchaki tadbir emas, balki tili, dini, an’analari, qarashlari mushtarak xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishning o‘ziga xos vositasidir.  

Darhaqiqat, O‘zbekiston TURKSOY bilan hamkorlikda qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, turli madaniy tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. O‘tgan yili TURKSOYning 30 yillik yubileyi yurtimizda tantanali ravishda nishonlangani ham o‘zaro munosabatlarimiz naqadar yuksak ekanini yaqqol ifodalaydi.

N.Usmonova, O‘zA