English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Buxoroda
10:16 / 2025-10-18

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning Bosh kotibi Sulton Rayev ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi va viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.

Viloyat rahbari azaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va an’analari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak bo‘lgan turkiy xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda TURKSOYning o‘rni va ahamiyati alohida ekanini ta’kidladi. Turkiy millatlarning ma’naviy birligini ta’minlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, umumiy boyligimiz bo‘lmish noyob tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi.

Mehmon O‘zbekistonning turkiy dunyo madaniy merosi va tarixida tutgan o‘rni beqiyos ekanini e’tirof etdi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat tufayli mamlakatning TURKSOY doirasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. 

Shuningdek, Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro zamonaviy biyennale O‘zbekiston xalqining boy tarixi, madaniy merosi bilan zamonaviy san’at qarashlarini uyg‘unlashtiruvchi, insoniyat, tuyg‘u va ijodkorlik mavzulari orqali umumbashariy madaniy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi muhim maydon ekanligini aytib o‘tdi.

Muloqot davomida madaniyat va san’at sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, Buxoroda bo‘lib o‘tadigan ilmiy-amaliy xalqaro anjumanlarni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.