English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TURKSOY – abadiy do‘stligimiz timsoli
20:33 / 2023-07-12

Yurtimiz madaniy-ma’naviy hayotida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning o‘z o‘rni va ahamiyati bor. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xalqaro madaniy aloqalarning yangi rivojlanish bosqichiga kirishi TURKSOY faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topgani aniq.

Manbalarga ko‘ra, ushbu tuzilma tarixi ilk marta 1992 yili Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston madaniyat  vazirlari uchrashuvida kelishilgan. 1993 yil 12 iyul kuni esa "Turkiy madaniyat rivojlanishi hamkorligi tashkiloti"ga  – TURKSOYga asos solindi va tegishli hujjatlar imzolandi.  

Turkiy davlatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni kuchaytirish mazkur tuzilmaning asosiy maqsadidir. Bu hamkorlik iqtisodiy,  madaniy,  ma’rifiy va boshqa jabhalardagi hamkorlikni o‘z ichiga oladi.  

Mazkur tashkilot tarkibiga 10 ishtirokchi kiradi. Bular mustaqil suveren davlatlar, boshqa davlatlar tarkibidagi federal sub’ektlar va muxtor viloyat hamda hududlardir.  

Alohida ta’kidlash joizki, TURKSOY tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanalar jonajon O‘zbekistonimizda baland ruhda, yuksak saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilgan madaniyat kunlari ishtirokchilariga tabrigi bu tantanalarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.  

Bu esa davlatimiz rahbarining milliy madaniyat va san’at ravnaqiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori, ijodkor ziyolilarga mehri, turkiy xalqlar madaniy-ma’rifiy hamjihatligini, do‘stligini ta’minlashdagi faol tashabbuslarining  amaliy natijasidir.  

Turkiy xalqlar mamlakatlari yozuvchilarining Navoiy shahridagi xalqaro forumi, poytaxtimizda TURKSOY rassomlarining ijodiy uchrashuvlari va xalqaro ko‘rgazmalari, rang-barang konsertlar, teatr festivallari, tanlovlar, qiziqarli simpoziumlar, betakror ijodiy loyihalar turkiy tilli davlatlarning madaniyat va san’at ahlini bir platforma atrofida birlashtirdi. O‘zaro muloqotlar, samimiy suhbatlar, fikr va tajriba almashish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi.  

Shu kunlarda TURKSOY davlatlarining fotomusavvirlari O‘zbekistonning turli hududlarida bo‘lib, maftunkor tabiatimiz, odamlarning turmush tarzi, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni fotosuratlarga muhrlamoqdalar. Ijodiy loyiha samarasida, maxsus katalog-fotoalbom yaratiladi. Fotorassomlarning ijodi aks etgan maxsus fotoko‘rgazma tashkil etiladi.  

Bularning barchasi O‘zbekistonning qardosh xalqlar bilan samimiy va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yaxshi qo‘shnichilik, qardosh xalqlar madaniyati va san’ati ravnaqi yo‘lidagi hamkorligining yaqqol namunasidir.  

 Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri