Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkmaniston Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi
17:07 / 2021-10-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov joriy yil 4-5 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Bo‘lajak oliy darajali uchrashuv kun tartibiga O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlash masalalari kiritilgan.

Asosiy e’tibor savdo, transport va tranzit, energetika sohalaridagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga qaratilishi kutilmoqda.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.

Tashrif doirasida qator ikki tomonlama tadbirlar, shu jumladan Iqtisodiy forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, ko‘p qirrali sheriklikni jadallashtirishga qaratilgan hujjat va shartnomalarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.