Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkmaniston prezidenti “Jahannam darvozasi”ni so‘ndirish niyatida
17:13 / 2022-01-08

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qoraqum sahrosidagi “Jahannam darvozasi” nomi bilan tanilgan gaz krateri (olov)ni o‘chirish usulini ixtiro qilishga ko‘rsatma berdi, deya xabar tarqatgan Turkmaniston televideniyesi.

Bu yerda gap Turkmanistonning eng diqqatga sazovor joylaridan biri - “Qoraqum shafaqi” deb nomlangan joy haqida bormoqda.


Ushbu vazifani videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida davlat rahbari mamlakat neft-gaz tarmog‘iga javob beruvchi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Shahim Abrahmonov zimmasiga yukladi. Berdimuhamedovning ta’kidlashicha, darvoza hududida ko‘p yillardan buyon tabiiy gaz yonyapti. Bu ekologiyaga va mahalliy aholi sog‘ligiga zarar yetkazadi.


Bundan tashqari, Turkmaniston yetakchisining ta’kidlashicha, mamlakat xorijga sotsa bo‘ladigan qimmatbaho xom ashyoni ham yo‘qotmoqda, bundan keladigan daromadni xalq farovonligini oshirishga sarflash mumkin. Prezident gaz krateri muammosini hal etish uchun ilmiy bahs-munozara tashkil etish, zarurat tug‘ilsa, xorijlik ekspertlarni jalb qilishni taklif etdi.


Mazkur g‘aroyib, diqqatga sazovor joy Qoraqum sahrosida, Ashxoboddan 266 kilometr masofada, Darvoza qishlog‘i yaqinida joylashgan. Krater og‘zining diametri taxminan 60 metr, chuqurligi 20 metr. O‘radan kecha-kunduz osmonga olov o‘rlab turadi. 


“Jahannam darvozasi” inson qo‘li bilan yaratilgan, lekin qariyb yarim asrdan buyon tabiat yodgorligi sifatida saqlanib kelyapti. 1971 yilda shu yerda gaz qidirilishi chog‘ida, burg‘ulash jarayonida yer o‘pirilishi sodir bo‘lgan. O‘shanda geologlar chuqurlikdan chiqayotgan gazni yoqishga qaror qilgan. Ya’ni, mutaxassislar chiqayotgan gaz bir kun kelib butunlay yonib tugaydi, deb taxmin qilishgan. Kon esa hali ham yonishda davom etyapti.

S.Rahimov, O‘zA