Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning fikricha, Turkiya “Buyuk Turon”ni tashkil etish maqsadini ko‘zlayotgani yo‘q. Uning ta’kidlashicha, sobiq ittifoq mamlakatlari ham buni qo‘llab-quvvatlashiga ishonish qiyin.
"Agar tarixiy nuqtai nazardan "Buyuk Turon"ni tuzish haqida gap ketadigan bo‘lsa, Turkiya bunday maqsadni ko‘zlayotgani yo‘q, deb o‘ylayman. Bir vaqtlar sobiq ittifoq tarkibiga kirgan, keyin mustaqilligini qo‘lga kiritgan mamlakatlar ham ushbu g‘oyani qandaydir ko‘rinishda qo‘llab-quvvatlashiga ishonish qiyin. Aksincha, Turkiyaning tashqi siyosatidagi jo‘shqinlik va ularning harakat tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, asosiy maqsad o‘zining milliy davlatchiligini mustahkamlashdan iborat", - dedi Lavrov RBK TV ga bergan intervyusida.
Jurnalist agar Ozarbayjon kabi mamlakat Buyuk Turonni tuzishni qo‘llab-quvvatlasa va Turkiyaning kuchayib ketishidan Moskva qo‘rqadimi, deb bergan savoliga Lavrov quyidagicha javob berdi:
Turkiyaning o‘z manfaatlari bor – ular esa bir tilda gaplashadigan millatdoshlari hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, Turkiytilli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mavzusi Turkiya bilan boshqa mamlakatlar, xususan Ozarbayjon va Markaziy Osiyoning bir qator davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik mazmuniga juda yetarlicha singib ketgan.
"Turkiy tilda so‘zlashadigan davlatlar hamkorlik kengashi mavjud. Unda Rossiya kuzatuvchi sifatida ishtirok etib keladi. Bizning bir nechta respublikamiz ushbu aloqalardan manfaatdor. U yerda aniq loyihalar ilgari surilmoqda. Yana Xalqaro turk madaniyati tashkiloti ham faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar parlamentlari assambleyasi ham bor. Ularning faoliyat ko‘rsatayotganiga ancha vaqt bo‘ldi. Barchasining o‘z rejalari bor, tadbirlar o‘tkazishadi. Bularning barchasi asosan, madaniy, til, ta’lim olish an’analari orqali amalga oshirilmoqda", - dedi vazir.