Bugun O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari Z.Sirakaya boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Haitov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil taraqqiy etib borayotgani, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olganligi, mazkur tarixiy voqeadan buyon Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar barcha yo‘nalishlarda keng rivojlanib borayotganini e’tirof etdi:
– Ayniqsa, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari mutlaqo yangi sifat darajasiga chiqdi. Mamlakatimizda turk hamkorlar bilan birga 100 dan ziyod qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati 10 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilganligi, o‘zaro savdo hajmi tobora oshib borayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi. Qolaversa, ikki davlatning xalqaro tuzilmalar doirasidagi faoliyati, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi samarali faoliyati ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanib borishiga mustahkam asos yaratmoqda, — dedi partiya yetakchisi.
O‘z navbatida, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosarlari Z.Sirakaya va K.Zorlu O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etdi. O‘zbekiston bilan munosabatlar Turkiya xalqaro munosabatlarida hamisha muhim o‘rin tutib kelgani, bu nafaqat O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda joylashgan o‘ziga xos o‘rni, balki ikki xalqni yuz yillar davomida birlashtirib turgan tarixi bilan ham bog‘liqligiga urg‘u berdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va yaqinlik yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarda O‘zbekiston va Turkiya yetakchi siyosiy kuchlari ham o‘z hissasini qo‘shishi maqsadga muvofiqligiga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda partiyalararo aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekaniga urg‘u berildi. Har ikki partiyaning aholi farovonligini oshirish, mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi harakatlari bir-biriga uyg‘unligi, ularni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini ishga solish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki partiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va unga aniq mazmun bag‘ishlash maqsadida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat doirasida o‘zaro tajriba almashish, ikki davlat parlamentlari hamda mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlari o‘rtasida, yoshlar va ayollar qanotlari hamda ikki partiya tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish masalalari ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv so‘nggida partiyalararo hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.
Kun davomida Turkiya “Adolat va taraqqiyot” partiyasi delegatsiyasi vakillari Toshkentdagi “Türk Ortaokulu ve Lisesi”ga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishishi hamda parlamentning har ikkala palatasida uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Muhtarama Komilova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA