Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyaning «Önce Vatan» gazetasi Yangi O‘zbekiston haqida
20:09 / 2021-07-02

Turkiyaning ommabop «Önce Vatan» gazetasida «Yangi O‘zbekiston» sarlavhali maqola chop etildi.

Unda O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, sayyohlik salohiyati va zamonaviy rivojlanishiga oid atroflicha ma’lumotlar turk o‘quvchilarining e’tiboriga havola qilingan. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.

Jurnalist Irfon Hattoto‘g‘li qalamiga mansub ushbu maqolada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida do‘stlik va strategik aloqalar tobora rivojlanib borayotgani hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarining poydevoriga zamin yaratilayotgani qayd etilgan.

«Turkiy xalqlarning sarchashmasi bo‘lgan O‘zbekiston bag‘rida joylashgan Movarounnahr mintaqasi qadimdan ilmu irfon markazi bo‘lib kelgan, Imom Buxoriy va Imom Termiziy muallifligidagi hadis kitoblari bilan Islom dini sof poydevorining qurilishiga xizmat qilgan. Bu tuproqda yashagan Muhammad Xorazmiy matematika fanining asoschisi edi. Farobiy, Ibn Sino kabi mutafakkirlar esa falsafa va tibbiyot ilmida barhayot asarlar yozib qoldirgan», deb yozadi jurnalist.

Buyuk tarixi bilan butun dunyoni lol qoldirgan O‘zbekiston zamini bugungi zamonaviy taraqqiyot pillapoyalarida ham shaxdam qadamlar bilan odimlayotgani, so‘nggi besh yilda esa O‘zbekiston butun dunyoga qaytadan o‘z salohiyatini namoyon etayotgani, o‘z darvozalarini do‘st mamlakatlar, shu jumladan, Turkiya uchun ham ochgani alohida e’tirof etilgan.

«Mamlakat mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadigan bu yil O‘zbekiston yirik bir qurilish maydoniga aylangan. Ilm-fan, texnologiyalar, chorvachilik, fermerlik, konchilik, to‘qimachilik sohalariga kiritilgan sarmoyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor, xalqaro tashkilotlarga a’zolik, qo‘shni mamlakatlar bilan samimiy hamkorlik munosabatlari O‘zbekistonning yangi imijini shakllantirib ulgurdi», deyiladi maqolada. Shuningdek, “34 milliondan ko‘proq xalqi bilan Markaziy Osiyo respublikalari ichida eng ko‘p sonli aholiga ega bo‘lgan mamlakatning so‘nggi besh yilgi rivojlanish tezligi 7 foizga o‘sdi. Mamlakatda aholi farovonligi ham yuksalib bormoqda”, deya e’tirof etilgan.

«Yangidan uyg‘onish davrini o‘z boshidan o‘tkazayotgan O‘zbekistonda boshlangan islohotlar o‘z mevasini bera boshladi. Yangilanishlar ko‘plab yangi hamkorlar va chet el sarmoyadorlarining investitsiya kiritishiga yo‘l ochmoqda hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning mamlakatga kirishi bilan Yangi O‘zbekiston butun dunyoning e’tiborini o‘ziga tortmoqda», deb yozadi «Önce Vatan» .

E’tirof etish joizki, maqolada qayd etilgan yutuq va marralarimiz, O‘zbekistonning keng ko‘lamli islohotlari natijadorligi har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. So‘nggi paytlarda xorij matbuotida, ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda olib borilayotgan sa’y-harakatlar, katta ko‘lamdagi islohotlar haqida keng tahlillar berilayotgani mamlakatimiz barqaror yo‘lda ekanligidan, dunyoga yuz ochayotganidan dalolat beradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA