Turkiyaning Oliy ta’lim Kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi.
Buxoro davlat tibbiyot institutida yoshlar ta’limi uchun yaratilgan sharoit, xalqaro aloqalar bilan yaqindan tanishildi. O‘zbekiston – Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuv va muzokaralari tashkil etildi. Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda Turkiya Oliy ta’lim Kengashi prezidenti boshchiligidagi qardosh mamlakatning 12 ta oliy o‘quv yurti rahbarlari qatnashdi.
Turkiya Oliy ta’lim Kengashi prezidenti Erol O‘zvar boshchiligidagi mehmonlarga institut faoliyati, xususan, o‘quv va laboratoriya xonalari, ta’lim jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti Turkiya Respublikasi bilan kadrlar almashinuvida alohida o‘ringa ega. 2018-2021 yillar davomida oliygohning 67 nafar professor-o‘qituvchisi, magistratura, aspirantura va bakalavr bosqichi talabasi o‘z bilim va malakalarini oshirib kelgan bo‘lsa, qardosh yurtdan 56 nafar professor-o‘qituvchi institutga tashrif buyurib, kasb mahoratini shakllantirgan.
Shuningdek, 2018 yildan Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ikki davlat o‘rtasida ravnaq topib borayotgan aloqalar tufayli 2019 yildan boshlab Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida Tibbiyot fanlari universitetining Xalqaro Turkiya fakulteti tashkil etilgan. 2019-2020 o‘quv yilida institut negizida Sog‘liq bilimlari universitetining turk fakulteti tashkil etilgan bo‘lib, unda bugunga kelib 487 nafar talaba tahsil olmoqda.
Turkiya Oliy ta’lim Kengashi prezidenti Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorliklarini bildirishdi. Tomonlar o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalari va ta’lim yo‘nalishlarini yanada kengaytirish, talabalar va pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Uchrashuv ikkinchi qismida esa tomonlar Buxoroda turk-o‘zbek milliy taomlari tayyorlanadigan yangi oshxonaning ochilish marosimida qatnashishdi.
“O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi muzokaralar davomida turkiyalik mehmonlar viloyatdagi barcha oliy ta’lim dargohlarida bo‘lib, samimiy uchrashuv va muloqotlar o‘tkazishdi. Zamonaviy ta’lim berish uslubiyotiga doir o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Buxoro davlat universitetida o‘tgan muzokaralar davomida azaldan ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan Buxoroyi sharifdagi bu uchrashuv yangi ilmiy marra va maqsadlarga chorlashiga ishonch bildirildi. Tomonlar bu tashrifni nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkam poydevori bo‘ladi, deya baholashdi.
– Ota yurtimiz O‘zbekistonning qo‘hna Buxoroi sharifida sizlar bilan diydorlashganimizdan benihoya mamnunmiz, – dedi uchrashuvda so‘zga chiqqan Turkiya respublikasi Oliy ta’lim Kengashi raisi, professor Erol O‘zvar. – Umid qilamizki, bu hamkorlik oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni, shu bilan birga ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy–iqtisodiy, madaniy–gumanitar, ilmiy–innovatsion munosabatlarni mustahkamlovchi ko‘prik bo‘ladi. Maqsadimiz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirib, o‘zbek-turk nomi bilan ataladigan universitet ta’sis etishdir. Bu xayrli loyiha ro‘yobi yo‘lida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan baqamti muzokara olib bormoqdamiz. Bu muzokaralar qog‘ozda qolmasligi, albatta natija berishiga ishonamiz.
Buxoro va Turkiya davlati universitetlari rektorlari uchrashuvi taassurotlarga boy bo‘ldi. Chunonchi, bakalavriat ta’limining bir qismini Anqara universitetida siyosiy bilimlar fakultetida o‘qigan, ayni paytda Buxoro davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha prorektori Abror Jo‘rayevga Anqara universiteti rektori Nejdet Unuvar tomonidan bitiruvchi esdalik nishoni taqdim etildi.
Shuningdek, universitet kutubxonasiga Abu Ali Ibn Sino va Alisher Navoiy asarlari asl nusxalaridan olingan faksimil to‘plamlari sovg‘a qilindi.
Turkiya Respublikasining Oliy ta’lim Kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiyaning viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida kechgan uchrashuv va muzokaralarida ikki tomonlama hamkorlikka doir loyihalar taqdimoti tashkil etildi. Bir qator xayrli tashabbuslar ilgari surildi. Davlatlararo jumladan, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada ravnaq toptirish maqsad qilingani holda qardosh xalq delegatsiyasiga qadim Buxorodan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Safar yakunida qardosh mamlakat vakillari Buxoroning diqqatga sazovor joylari, muqaddas qadamjolariga sayohat qilishdi.
Zarif Komilov,
O‘zA