Turkiya va Turkiy davlatlar tashkiloti bilan so‘nggi yillarda siyosiy-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlik yanada jadallashmoqda.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazida Balikesir universiteti rektori, professor Yujel Ogurlu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda markaz rahbari Eldor Tulyakov turkiyalik mehmonni «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi, deyiladi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma’lumotida.
Professor Yujel Ogurlu poytaxtimizda 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Turkiy universitetlar ittifoqining 8-Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida ma’ruza qilganligini bildirib, so‘nggi yillarda xorijda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish sezilarli darajada oshganligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish va hamkorlikdagi faoliyatni jadallashtirishga kelishib olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA