Joriy yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish, jumladan, Turkiyaning Ko‘nya shahrida muddatdan oldin ovoz berishni tashkil etish maqsadida mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi tomonidan mazkur shahar hokimligi,, Nejmittin Erbakan nomidagi universitet va Selchuk universiteti rahbariyati, ushbu oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu haqda “Dunyo”axborot agentligi muxbiri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Ko‘nya hokimi o‘rinbosari Hoji Ibrohim Turk o‘g‘li, Nejmittin Erbakan nomidagi universitet prorektori Zekeriya Mizirak, Selchuk universitetining rektori Metin Aksoy bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda mamlakatimiz Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, unda Ko‘nyada mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Selchuk universitetida tahsil olayotgan fuqarolarimiz e’tiboriga mamlakatimizda ushbu muhim siyosiy jarayonni tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, saylov uchastkalarida ovoz berish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi, siyosiy partiyalardan Prezidentlikka ilgari surilgan nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, saylovga oid ma’lumotlar bilan tanishib borish uchun elchixonaning rasmiy veb-sayti, “Facebook” va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarini kuzatib borish, ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish imkonini beruvchi veb-саҳифасидан foydalanish tavsiya etildi hamda mazkur muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA