Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyaning Ege universiteti delegatsiyasi bilan hamkorlik bo‘yicha uchrashuv
21:18 / 2026-02-16

Har bir sohada bo‘lgani kabi ta’lim tizimida ham xalqaro hamkorliklar kengayib bormoqda. Natijada mamlakatimizning ta’lim tashkilotlari ham jahon maydonida o‘z tajribasini namoyon etish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ana shunday hamkorliklarning uzviy davom etayotgani quvonarli, albatta.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Ege universiteti rektori, professor, doktor Musa Alji boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tomonlar oliy ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni kengaytirish masalalarini muhokama qilish mobaynida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari barcha sohalar qatori oliy ta’lim tizimida ham izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidlashdi.

Xususan, Ege universiteti bilan O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik, onlayn ma’ruzalar va ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Uchrashuvda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan hamkorlikda yengil sanoat va to‘qimachilik sohasida kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.  

Shuningdek, ekologiya va bioxilma-xillik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiya, genetika va biotexnologiya, tibbiyot va farmatsevtika, muhandislik va sanoat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, doktorantlar uchun stajirovkalar tashkil etish hamda ilmiy tadqiqotlarni qo‘shma ravishda olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Sherbek Islomov, O‘zA