“Qora dengiz orqali bug‘doy yuklangan birinchi kema yaqin haftalarda yo‘lga chiqishi mumkin, barchasi Moskva bilan Kiyevning tayyorgarligiga bog‘liq”, – dedi Turkiya Prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Qalin.
"Biz Istanbulda muvofiqlashtiruvchi markazni tashkil etishimiz bilan bug‘doy ortgan dastlabki kemalar bir necha haftadan keyin yo‘lga chiqadi. Bularning barchasi Rossiya bilan Ukrainaning o‘z kemalarini jo‘natishga tayyorligiga bog‘liq. O‘ylashimcha, ushbu yo‘l ishga tushirilsa, barchasi izga tushib ketadi. Biz faqat umidga asoslanib harakat qilayotganimiz yo‘q. Biz diplomatik harakatlarimizni Rossiya va Ukraina bilan muvofiqlashtirishda davom etamiz. Qisqa muddatli qiyinchiliklarga qaramay, hammasi joyida bo‘lishiga umid qilaman", – dedi Qalin CNN Internationalga bergan intervyusida.
Oziq-ovqat inqirozini bartaraf qilishda Turkiyaning diplomatik g‘alabasi
Turkiyaning Anadolu Agency agentligi yozishicha, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan olib borgan muzokaralari natijasi o‘laroq Erdog‘an ushbu muammoni hal etish bo‘yicha tashabbusni o‘z zimmasiga oldi.
Jahon oziq-ovqat inqirozini bartaraf qilish uchun muhim qadam bo‘lgan Qora dengizdan bug‘doy yo‘lagini ochish haqidagi bitim doirasida, yuklar Ukrainaning uchta portidan xavfsiz olib chiqiladi. Bu vaqtda, kelishuvning davomi sifatida transportirovka qilish Istanbulda tashkil etiladigan muvofiqlashtiruvchi markaz tomonidan amalga oshiriladi. Turkiya barcha tijorat kemalarini Turkiya ko‘rfazlariga kirish-chiqishini nazorat qiladi.
Dunyoni bug‘doy bilan ta’minlash ushbu ikki mamlakat zimmasiga tushganmi?
Jahonning bug‘doy zaxirasi asosan Rossiya bilan Ukraina tomonidan ta’minlanadi. Fevralda boshlangan urush tufayli ushbu zaxiraning jahon bozoriga chiqarilishi tahdid ostida qoldi.
Ukraina portlarida kemalar harakatining to‘xtab qolishi natijasida bug‘doy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoriga chiqarilmay qolishi dunyo miqyosida oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqarish xavfini yuzaga keltirdi. Axir gap 25 million tonna bug‘doyni paysalga solmay jahon bozoriga chiqarish haqida ketmoqda. Tabiiyki, shunday qilinsa, inqiroz barham topadi, demak, dunyo ahli ocharchilik va xavfsizlik muammosidan xalos bo‘ladi.
Ushbu global miqyosdagi vazifani hal etish uchun portlarda saqlanayotgan bug‘doy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini dengiz orqali xavfsiz tashish maqsadida “yo‘lak” g‘oyasi shakllantirildi.
Muzokaralar ish berdimi?
Erdog‘anning diplomatik tashabbuslariga muvofiq tegishli vazirliklar, muassasa va tashkilotlar, shuningdek, milliy mudofaa vazirliklari hamkorlikda ishlashni boshladi.
Oldinga qo‘yilgan vazifa doirasida Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bilan ko‘p marta muzokaralar olib bordi. Shundan keyingina Turkiya, Ukraina va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘lga qo‘yildi, buni jamoatchilik «qizil chiziq», deb atashdi.
“Qizil chiziq” doirasida mamlakatlar o‘zlarining yuqori lavozimli zobitlarini belgilab oldi. Shundan keyin, BMT vazifani aniqlab olgandan keyin, ikki tomonlama muzokaralar boshlandi. Shu maqsaddan kelib chiqilgan holda 2022 yil 21 iyulda Moskvada birinchi qadam tashlandi. Moskvadagi bo‘lib o‘tgan harbiy delegatsiyalar uchrashuvidan keyin “Azov Konkord” teploxodi Mariupol portidan chiqdi. Shunday qilib, birinchi kema Ukraina portini tark etdi.
Muzokaralar Istanbulda davom ettirildi
13 iyulda Istanbuldagi «Qalandar» pavilonida ilk to‘rt tomonlama uchrashuv boshlandi. Unda Turkiya, Rossiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT delegatsiyasi ishtirok etdi.
13 iyul uchrashuvida asosiy tamoyillar bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyin, 22 iyulda Prezident Erdog‘an tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish va tomonlar o‘rtasida “Ukrainadan bug‘doy va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish” bo‘yicha Bitim imzolandi.
Turkiyaning diplomatik muvaffaqiyati sanalgan ushbu Kelishuv jahon hamjamiyati tomonidan ham qizg‘in ma’qullandi. Chunki ushbu mashaqqatli muzokaralar bug‘doy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini Ukraina portlaridan xavfsiz eksport qilishga qaratilgan bo‘lib, dunyo jamoatchiligiga xavf tug‘dirayotgan ocharchilik soyasini tarqatib yuboradi.
Istanbul kelishuvi shartlari
Odessa, Chernomorsk va Janub portlaridan yuklarni ortishni nazarda tutuvchi kelishuvga ko‘ra, Istanbulda qo‘shma muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil qilinadi. Bitim ishtirokchilarining vakillari soni BMT va tomonlar ishtirokida belgilanadi.
Tasdiqlangan tekshirish dasturi doirasida ko‘rsatilgan portlarga kemalarning kelishi, kirishi va chiqishi bo‘yicha nazorat ta’minlanadi. Yo‘lak orqali kemalar harakati ham tomonlar orqali masofadan nazorat qilinadi.
Turkiya barcha savdo kemalarining Turkiya suvliklariga kirishi va chiqishini nazorat qilib boradi.
Endi gap mazkur bitimning hayotga joriy qilinishida
Erdog‘an tomonlarni zimmalariga olgan kelishuv shartlarini og‘ishmay bajarishga chaqirdi.
TRT telekanalida chiqishida Turkiya yetakchisi bug‘doy masalasida davomli muzokaralardan keyin Turkiya Ukraina bug‘doyini Qora dengiz orqali jahon bozoriga xavfsiz chiqarish bo‘yicha bitim imzolanishiga erishdi.
Davlat yetakchisining ta’kidlashicha, mazkur rejaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi jiddiy muammoga aylangan global oziq-ovqat inqirozi oqibatlarini yumshatish imkonini beradi.
Erdog‘anning ta’kidlashicha, Anqaraning ushbu tarixiy muvaffaqiyatga qo‘shgan hissasi Turkiyaning global masalalarda muhim rol o‘ynashini yana bir karra namoyon qildi.
Turkiya yetakchisining fikricha, bug‘doy yo‘lagi bo‘yicha jarayon hali ham nozik hisoblanadi va barcha tomonlar unga mas’uliyat bilan yondashish zarur.
«Barcha tomon o‘z zimmalariga olgan javobgarlikka muvofiq ravishda harakat qilishi kerak, shuningdek, imzolangan bitimga zid ish qilishdan o‘zini tiyish kerak», – deya ta’kidladi Erdog‘an, hujjat imzolangan kunning ertasi Odessa portiga raketa zarbasi berilishiga e’tibor qaratar ekan.
S. Rahimov, O‘zA