Yurtimizda “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi xayrli ishlarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Toshkentdagi xalqaro tibbiy xizmatlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi “LLC NN-Leader” kompaniyasi hamkorlikda tashkil etilgan aksiya doirasida, Turkiya jumhuriyatidan taklif qilingan yuqori malakali shifokorlar tibbiyot fanlari doktori, professor Xilmi Karadeniz va Ahmed Dog‘an viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, kichik yoshli bemorlardagi ortopedik-travmatologik, onkologik kasalliklarni o‘rganib, tashxislash va davolash rejalarini belgiladi. Jarrohlik muolajasi lozim xastalar darddan xalos etildi. Jarayonlarda mahalliy mutaxassislar faol qatnashib, o‘zaro tajriba va mahorat almashdilar.

– Ikki farzandimning tayanch a’zolarida nuqsonlar bor edi, – deydi tibbiy ko‘rikka kelgan fuqaro Ma’luma Karimova. – Turk mutaxassislari darrov rentgen qildirib, muammo yechimini topishdi. Biz ota-onalar qardosh shifokorlar va shu tashrifni tashkillashtirgan jonkuyar insonlardan behad minnatdormiz.

Chet el davlatlari bilan tibbiy aloqalar avvalo, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini takomillashtirish hamda mamlakatimiz tibbiyotchilarining malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, turkiyalik mutaxassislar namanganlik hamkasblarga amaliy mahorat saboqlarini berish asnosida, bemorlarga bepul xizmat ko‘rsatishi ikki tomonlama hamkorlikning yorqin samarasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.