Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyaga tashrifning ahamiyatli jihatlari nimalarda namoyon bo‘ldi?
16:34 / 2026-01-31

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Anqara shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif doirasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, mazmunli muzokaralar va qator muhim ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Eng muhimi, ushbu tashrif O‘zbekiston –Turkiya munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etdi. Tashrif davomida bunga ishora qiluvchi qator aniq dalillarga guvoh bo‘ldik: iliq va samimiy kutib olish muhitidan tortib, ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro munosabati hamda qisqa vaqt ichida o‘ta mazmunli va boy kun tartibining shakllantirilgani bunga yaqqol misoldir. Tomonlar hamkorlikni faqat siyosiy muloqot doirasida emas, balki aniq natijalarga yo‘naltirilgan amaliy yo‘nalishlarda ham yanada chuqurlashtirishga qat’iy tayyor ekanini namoyon etdilar.

Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvi ham yuksak baholandi. Ushbu muloqot mudofaa va xavfsizlik sohalarida, jumladan, kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etdi. Mazkur formatdagi muloqotning yo‘lga qo‘yilishi hozirgi tahlikali va beqaror xalqaro sharoitda, ayniqsa, muhim bo‘lib, u mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, aholi tinchligi va farovonligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umuman olganda, tashrif ahamiyatini uchta asosiy yo‘nalishda baholash mumkin. Birinchidan, siyosiy va diplomatik sohada. Oliy darajadagi muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmatni yanada mustahkamladi, O‘zbekiston va Turkiyaning xalqaro maydonda ishonchli va konstruktiv sherik sifatidagi o‘rnini kuchaytirdi.

Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlik sohasida. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi bir necha barobar oshdi. Endi esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Turk kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritayotgan yetakchi xorijiy sheriklardan biri hisoblanadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni joriy etish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Uchinchidan, insonlararo va gumanitar aloqalar. Xatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasi yoki Istanbulda ochiladigan o‘zbek maktabi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning yorqin namunasidir. Ayniqsa, 2023 yildagi zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam Turkiya xalqi tomonidan katta minnatdorlik bilan qabul qilindi. Bu hamkorlikning insonparvarlik mazmunini yana bir bor namoyon etdi.

Kelgusida ushbu tashrifning ijobiy samaralari yanada yaqqol namoyon bo‘lishiga ishonamiz. Xususan, ushbu tashrif natijasida siyosiy muvofiqlashuv kuchayadi, savdo va investitsiya aloqalari yanada chuqurlashadi, transport hamda energetika sohalarida yangi imkoniyatlar ochiladi, deb hisoblaymiz. Ta’lim va madaniyat sohalaridagi almashinuvlar esa yoshlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi umumiy tarixiy merosga, Prezidentlar ta’biri bilan aytganda, tili va dili bir bo‘lgan ikki davlatning kelajakka qaratilgan hamkorligini yanada mustahkamlash, tinch va farovon mintaqani barpo etish yo‘lidagi muhim strategik qadam bo‘ldi.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori.

O‘zA