Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyaga tashrif: hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatiya shaklida namoyon bo‘layotgan “Yangi O‘zbekiston”
14:14 / 2026-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan bugun, 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) rahbari, professor Mehmet Seyfettin EROL so‘nggi paytlarda tez-tez tilga olinayotgan Markaziy Osiyoning yuksalayotgan yulduzi O‘zbekiston va uning Turkiya bilan munosabatlari haqida mamlakatning eng nufuzli nashrlaridan biri “Hürriyet” gazetasida o‘z fikrlarini bildirdi

– Biz yashayotgan dunyo va xalqaro tizim, o‘zining turg‘un tuzilmasini ortda qoldirib, benihoya noaniqlik bilan chulg‘angan geosiyosiy murakkablik sari ketmoqda. O‘zgarish jarayonidagi mazkur global geosiyosatda Markaziy Osiyo markazida joylashgan turkiy dunyo tobora faol va ta’sirchan o‘yinchiga aylanib borayotgani ham bir haqiqat. Ushbu tartibsiz jarayonda Yevrosiyo geosiyosatining markazida joylashgan O‘zbekiston va uning Rahbari tomonidan mintaqaviy tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida e’tiborga sazovor, – deydi Mehmet Seyfettin Erol. –Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan va butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish va investitsiya strategiyalari, infratuzilma va ta’lim loyihalari, mintaqaviy integratsiya, turkiy dunyo bilan chuqur hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatiya shaklida namoyon bo‘layotgan “Yangi O‘zbekiston” tasavvuri ham mintaqaviy, ham global miqyosda strategik ahamiyatga ega.

Shubhasiz, so‘nggi yillarda Anqara – Toshkent geosiyosiy o‘qi Yevrosiyo miqyosida strategik muvofiqlashtiruv liniyasiga aylandi va mazkur mintaqaning yuksalishida muhim o‘rin tutmoqda. 2016-2026 yillardagi davr ushbu yangi jarayon uchun mustahkam poydevor yaratdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi mavjud keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega va ikkala rahbar ham dunyo notinch va noaniqliklar kuchayib borayotgan bir paytda “biz tayyormiz“ degan ishorani beradilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan nafaqat geosiyosiy va strategik tabiati, balki gumanitar jihati bilan ham chuqur mazmunli va muhim ahamiyat kasb etadi. 2023 yilgi zilzilaga tezkorlik bilan javob bergan va butun hududlarimizda birodarlari va opa-singillariga yordam qo‘lini cho‘zgan O‘zbekiston zilziladan keyin ham bor imkonlarini safarbar qilishda davom etdi. Ushbu tashrif davomida janob Erdog‘an va janob Mirziyoyev tomonidan mening tug‘ilib o‘sgan yurtim bo‘lgan Xatayda birodar o‘zbek xalqi ko‘magida qurilgan uy-joylarni topshirish rejalashtirilgani – ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning gumanitar diplomatiya jihatini yaqqol namoyon etadi.

Yana bir muhim jihat – bu tashrif davomida Istanbulda chet eldagi birinchi o‘zbek maktabiga tamal toshi qo‘yilishi kutilmoqda. Bu esa, janob Mirziyoyev mamlakat ichidagi ta’lim sohasida boshlagan islohotlar to‘lqinini xorijdagi diaspora farzandlariga ham yetkazishni maqsad qilganidan dalolat beradi.

Liderlar diplomatiyasi va geosiyosiy uzluksizlik

Mehmet Seyfettin Erolning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan muhim muzokaralarning davlat rahbarlari darajasidagi tasdig‘i va strategik uzluksizlikning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur tashrif Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevroosiyoning o‘zaro bog‘liqligini strategik doiraga joylashtirish imkoniyati jihatidan ham muhim.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an va Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi kuchli liderlik diplomatiyasi bu yo‘nalish siyosiy iroda nuqtai nazaridan mustahkam poydevorga egaligini ko‘rsatadi. Shuning uchun, ushbu tashrif Anqara – Toshkent liniyasi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar darajasida, balki Yevroosiyoga daxldor mintaqaviy va global miqyosda ham ta’sir ko‘rsatadigan mehvarga aylanganini va rahbarlar darajasida mintaqaviy/global geosiyosatni umumiy tafakkur qilishga intilishni tasdiqlaydi. 

Darhaqiqat, ushbu tashrif doirasida klassik ikki tomonlama munosabatlar mavzularidan tashqari, “O‘rta koridor”ni chuqurlashtirish, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik va turk dunyosining integratsiyasi kabi muhim mavzular ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Shuning uchun, 2026 yil 29 yanvardagi tashrif Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarining hozirgi holatini namoyish etishdan tashqari, ushbu munosabatlar rivojlanib boradigan yangi ufqlarning kuchli ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu tashrif bilan Anqara – Toshkent liniyasi institutsional mexanizmlar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan, yetakchilar irodasi bilan mustahkamlanadigan va mintaqaviy-global ta’sirga ega geosiyosiy arxitekturaga aylanish yo‘lida yangi bosqichga kirishini taxmin qilish mumkin.

Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarida strategik chuqurlashuv: 4+4 mexanizmi

2026 yil 20 yanvarda Anqaraga yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi Anqara – Toshkent hamkorligida muhim bosqich hisoblanadi. Tashrif davomida siyosiy, iqtisodiy, transport, mudofaa va xavfsizlik sohalarida bir qator strategik shartnomalar imzolandi. Ushbu aloqalarning eng muhim natijasi 4+4 mexanizmining yaratilishi bo‘ldi. Ushbu mexanizm tashqi ishlar, mudofaa va xavfsizlik sohalarida muntazam, muvofiqlashtirilgan va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini mustahkamlovchi institutsional tuzilmani yaratish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqa va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.

“Yangi O‘zbekiston“ va tarixiy o‘zlikka qaytish

– “Yangi O‘zbekiston“ tushunchasi birinchi navbatda o‘z tamaddun tarixini chuqur idrok etish, teran tajribaga asoslangan davlatchilikni jonlantirishni anglatadi va bu tasavvurni O‘zbekistonga janob Shavkat Mirziyoyev olib keldi. Ushbu konsepsiya ichki siyosatdagi o‘zgarishlar va inson qadrini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar bilangina cheklangan emas. Zero, bizlar yangi davrda mintaqaviylikdan globallik sari ildamlab borayotgan, geosiyosiy mavqei va strategik imkoniyatlari bilan xalqaro aktyor sifatida tobora ajralib turayotgan O‘zbekiston voqeligi bilan duch kelmoqdamiz, – dedi Mehmet Seyfettin Erol. 

Darhaqiqat, bugun o‘ninchi yilga qadam qo‘yayotgan Yangi O‘zbekiston jarayoni mamlakatni liberallashtirish, qonun ustuvorligi, ijtimoiy siyosat islohotlari, iqtisodiy o‘sish va infratuzilma loyihalari orqali mamlakatni mintaqaviy kuch markaziga aylantirdi va noyob modelga aylandi.

Bu O‘zbekistonni nafaqat geografik, balki iqtisodiy va strategik jihatdan ham “markaz mamlakat” mavqeiga ko‘targan jarayondir. 2026 yil 15 yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek diplomatlari bilan uchrashuvda aytgan: “Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi“ degan so‘zlari, tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilash tashabbusi “Yangi O‘zbekiston“ g‘oyasi mamlakatning xalqaro tizimdagi mavqeini qayta belgilaydigan ko‘p qatlamli strategik maqsad ekanligini ko‘rsatadi.

“Uchinchi Renessans“: sivilizatsiyaga asoslangan geosiyosiy qarash

Mehmet Seyfettin Erolning qayd etishicha, Janob Shavkat Mirziyoyev maqsad qilib qo‘ygan “Uchinchi Renessans“ g‘oyasi shunchaki taraqqiyot borasidagi dastur emas, bu – O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini zamonaviy diplomatiya va geosiyosat bilan birlashtirgan qarashdir. Ushbu yondashuv orqali O‘zbekiston intellektual va yumshoq kuch, sport, madaniy diplomatiya va xalqaro normalarni ishlab chiqish sohalarida, qadriyatlar va insoniylikka qaratilgan jarayonlarda samarali ishtirokchiga aylanmoqda. 

O‘tgan yili mamlakat yoshlarining shaxmat musobaqalaridagi ajoyib o‘yinlari va milliy futbol jamoasining Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta jahon chempionatiga yo‘llanma olishi – rejali va puxta islohotlar natijasidir. Olimpiada va xalqaro sport tadbirlarida qo‘lga kiritilgan medallardan tashqari, san’at va madaniyat sohalarida tashkil etilgan festivallar, xalqaro ko‘rgazmalar va musiqa tadbirlari O‘zbekistonni jahon sahnasida faol “madaniyat elchisi”ga aylantirmoqda. Yaqqol misol: Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy markazlar nafaqat madaniy meros asarlari o‘laroq, balki xalqaro muloqot va hamkorlik markazlari sifatida ham bo‘y ko‘rsatmoqda, butun Markaziy Osiyoning madaniy geosiyosati qayta qurilayotgan diplomatik markazlar sifatida gavdalanmoqda.

 O‘zbekistonning yirik xalqaro sammitlarga mezbonlik qilishi, vositachilik salohiyatini rivojlantirishi va global ishlarda teran diplomatik tildan foydalanishi bu yangi geosiyosiy o‘ziga xoslikning in’ikosidir. Bu yondashuv O‘zbekistonni buyuk davlatlar raqobatining passiv ob’ekti bo‘lib qolishdan chiqarib, barqarorlik va tinchlikni ta’minlaydigan konstruktiv ishtirokchiga aylantirmoqda.

Ichki islohotlardan geosiyosiy mintaqaviy va global ta’sir sari

Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi yillardagi tashabbuslari nafaqat muvaffaqiyatli ichki sa’y-harakatlari, balki mintaqaviy va global miqyosdagi “yumshoq kuch” va insonparvarlik diplomatiyasi bilan ham ajralib turadi. Shavkat Mirziyoyevning teran diplomatik yondashuvi aniq loyihalar orqali mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga chuqur turtki bo‘layotir. 

– Xususan, O‘zbekiston liderining shaxsiy tashabbusi bilan ba’zi qo‘shni mamlakatlarda va Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasida qurilgan maktablar ilmiy diplomatiyani namoyon etish barobarida, inson kapitaliga investitsiya orqali bu mamlakatlarda O‘zbekistonga do‘st avlodlarni yetishtirish nuqtai nazaridan ham qadrlidir, – deydi Mehmet Seyfettin Erol. – Afg‘oniston bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasi loyihalari O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasini ko‘rsatadi. Urushdan jabr ko‘rgan bir guruh falastinliklarning O‘zbekistonga parvarish va ijtimoiy yordam uchun olib kelinishi va bu borada alohida farmon qabul qilinishi mamlakat diplomatiyasi faqat mintaqa bilan cheklanib qolmaganining dalilidir. Ushbu yondashuv tinchlik, barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy integratsiyaning muhim asosini ifodalaydi, shuningdek, global hamkorlikdagi tinchlikka yo‘naltirilgan gumanitar diplomatiyani aks ettiradi. 

Muvozanatli va ko‘p qirrali tashqi siyosat

Mehmet Seyfettin Erolning ta’kidlashicha, pasmiy Toshkent muvozanatli va ko‘p qirrali diplomatiya orqali global kuch markazlariga bog‘lanib qolmagan holda, mintaqaviy va global miqyosda, ayniqsa, qo‘shnilari bilan tinchlikka yo‘naltirilgan hamkorlik strategiyasiga ustuvor ahamiyat beradigan tashqi siyosat olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan Rossiya bilan an’anaviy sheriklik xavfsizlik, energetika va logistika aloqalari, Xitoy bilan iqtisodiy va infratuzilma sohalarida hamkorlik chuqurlashtirilishi, «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li, “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida”gi bitim ko‘magida YeI bilan savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, Hindiston bilan energetika, texnologiya va investitsiya sohalarida yangi hamkorlik modellari O‘zbekistonning muvozanatli va ko‘p qirrali tashqi siyosatining aniq ko‘rsatkichlari qatoriga kiradi. 

Bundan tashqari, 2025 yil O‘zbekiston – AQSH munosabatlarida diplomatik jadallik yili bo‘ldi. Avvalo, 2025 yil 24 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 2025 yil 6 noyabrda esa, Tramp va janob Mirziyoyev Oq uyda bo‘lib o‘tgan 5+1 Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti doirasida ikkinchi marta uchrashdi. Ushbu uchrashuvlarda iqtisodiy-tijoriy aloqalar, xavfsizlik va strategik hamkorlik hamda mintaqaviy taraqqiyot imkoniyatlari muhokama qilindi. Keyinchalik, 2026 yil 19 yanvarda Prezident Tramp janob Mirziyoyevni G‘azo Tinchlik Kengashiga muassis a’zo sifatida qo‘shilishga taklif qildi. Janob Mirziyoyev ushbu taklifni qabul qilib, 2026 yil 22 yanvarda Davosda Tinchlik Kengashi nizomini imzoladi va O‘zbekistonni kengashning asoschi a’zolaridan biri sifatida rasmiylashtirdi. Buning muhim jihati shundaki, ushbu voqealar O‘zbekistonning tinchlik diplomatiyasi sohasida ishonchli va faol global sherikka aylanganini ko‘rsatadi. 

SHHT, BMT, YeXHT va boshqa mintaqaviy tashkilotlarning faol ishtirokchisi sifatida O‘zbekiston tinchlik, savdo integratsiyasi, chegara xavfsizligi va rivojlanish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Uning ushbu tashkilotlardagi roli mamlakatning ko‘p tomonlama diplomatiya imkoniyatlariga asoslangan. Darhaqiqat, janob Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasidagi nutqlarida tinchlik, barqarorlik va ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyillarini doimo ta’kidlaydi, mojarolarni hal qilishda xalqaro hamkorlikka chaqiradi. Bularning bari O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy muhim davlat, balki global tinchlik va rivojlanish kun tartibining muhim ishtirokchisi ekanligi, global hamkor va ta’sirga ega mamlakat sifatida yuksalib borayotganini ko‘rsatadi. 

Turkiy dunyo va Anqara – Toshkent geosiyosiy liniyasi

Mehmet Seyfettin Erolning ta’kidlashicha,  Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistonning turkiy dunyo bilan munosabatlari uning tashqi siyosatining eng strategik jihatlaridan biriga aylandi. Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) integratsiya jarayoni jadal rivojlandi va O‘zbekiston Tashkilot doirasida faol va konstruktiv hamkorga aylandi. Bu turkiy dunyoning madaniy, iqtisodiy-tijorat va logistika integratsiyasini mustahkamlaydigan “O‘rta koridor”, energetika va transport loyihalari, qo‘shma akademik platformalar va madaniy festivallar kabi strategik dasturlar orqali amalga oshirildi, bularning barchasi mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikka hissa qo‘shdi. 

Shubhasiz, Turkiya – O‘zbekiston munosabatlari bu jarayonda juda muhim o‘rin tutdi. Zero, Shavkat Mirziyoyev davrida ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan uyg‘unlik va umumiy qarashlar TDT loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirib, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka qaratilgan strategik rolni anglashga ko‘mak ko‘rsatdi. Anqara – Toshkent geosiyosiy o‘qi mintaqada strategik aloqa yo‘lagini yaratdi. Xususan, “O‘rta koridor”ning iqtisodiy va logistik integratsiyasi ushbu liniyaning mintaqaviy-global savdo xaritalarida muhim rol o‘ynashiga imkon berdi. Shuning uchun Anqara – Toshkent o‘qi nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki turkiy dunyoning kelajagi hamda Markaziy Osiyoning geosiyosiy yaxlitligi, barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun ham muhimdir.

O‘zA muxbiri 

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi.