Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyaga press-turning yakuniy manzili – Malatiya!
10:17 / 2024-02-14

Malatiya iqtisodiyoti rivojlangan hudud. Viloyat aholisi, asosan, yerdan daromad oladi. Falokatni qarang-ki, mahalliy aholi o‘tgan yil bahorni yo‘qotish bilan qarshiladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan ekin, sabzavot nobud bo‘lgan, ammo Malatiyada hayot davom etmoqda. Tabiiy ofat oqibatini bartaraf etish yo‘lida hukumat va xalq birlashib, bir yil ichida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi.

Xabar berilganidek, davlat muassasasi va tashkilotlarning zilziladan keyingi faoliyatini joyida o‘rganish, shaharni rivojlantirish, qishloq uylari, infratuzilma va madaniy meros ob’ektlarini qayta qurish ishlarini birgalikda kuzatish maqsadida Turkiy xalqlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Shimoliy Kipr ommaviy axborot vositalari vakillari Qahramonmarash, Adiyaman va Malatiya viloyatlarida bo‘ldi.

Dasturga ko‘ra, jurnalistlar safarning yakuniy – uchinchi kuni, Malatiyada qator tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, viloyat hokimi bilan uchrashuv tashkil etildi, yangi qurilgan uy-joy, vaqtincha yashash konteynerlari, aholiga ko‘rsatilayotgan yordam xususida axborot berildi.

“Malatiya 100 yillik xalq kutubxonasi”da o‘tkazilgan muloqotda hokim Ersin Yazachi tabiiy ofat oqibatini bataraf etish yo‘lidagi sa’y-harakat davom etayotganini ma’lum qilib, boshqa hududlarga nisbatan o‘lim holati kam kuzatilganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash tizimidagi yirik shifoxonalarga ziyon yetmagani sababli bir maromda faoliyatini davom ettirgan. Viloyatdagi 46 maktab zarar ko‘rgan, 2 tasi vayron bo‘lgan. 855 sinf xonasi shikastlangan. Ayni payt 1600 sinf xonasi ta’mirlanmoqda, 500 tasi foydalanishga tayyor.

– Malatiyada hayot davom etmoqda, vaziyat iziga tushgach, ko‘chib ketganlar qaytishiga umid bor, – dedi hokim. – Aholiga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berish davom etyapti. Zilziladan aziyat chekkan fuqarolarga 6,1 milliard lira qiymatida ko‘mak berildi.

Kichik biznes vakillari, dehqon va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tijoratchilar uchun 313 gektar maydonda 11 ming savdo do‘koni qurilyapti. Davlat tomonidan fermerlarga 695 million, hunarmandlarga 2 milliard lira miqdorida yordam ko‘rsatilgan.

OAV vakillari Battolg‘ozi tumanidagi Gelinchaktepada bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uy-joy, aholi uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi. Ma’lumotga ko‘ra, hududda 84 gektar maydonda ko‘p qavatli uy qad rostlagan. 35 uydagi 726 xonadon qurib bitkazilgan. Tez orada xonadonlar qur’a tashlash orqali yordamga muxtoj, uyidan ayrilgan fuqarolarga topshiriladi.

[gallery-15956]

Kunning ikkinchi yarmida media sohasi vakillari aholi uchun tashkil etilgan muvaqqat konteynerlarni ko‘rishdi. Hudud aholisi bilan suhbatlashar ekanmiz, ayrimlar yaqinlarini yo‘qotganini aytib, ko‘ziga yosh oldi, yana birov uy-joyidan ayrilganini ta’kidladi. Eng muhimi, hech bir insonning umidi so‘nmagan.

Bir konteynerda ayollar tikish-bichish bilan band, o‘g‘il bollar fitnes klubida sport bilan shug‘ullanyapti, yoshlar futbol o‘ynayapti... Malatiyaliklar istiqomat qilayotgan yangi shaharchada fayz zohir, shukronalik kayfiyati hukmron. Ajabmas, og‘ir damda birlashib, aka-ukaga aylangan stadiondagi yoshlar kelajakda Turkiya futbol terma jamoasida to‘p sursa...

Behruz Xudoyberdiyev,

Nozimjon Mardonov (foto), O‘zA