Turkiyadan Bolgariyaga gaz keladi
Bolgariyaning "Bulgargaz" davlat gaz shirkati va Turkiyaning "Botash" (Botas) gaz transport kompaniyasi o‘rtasida Sofiyaga suyultirilgan tabiiy gaz (STG) terminallari va Turkiyaning gaz transport tarmog‘iga kirish imkoniyatini taqdim etuvchi bitim imzolandi. Shartnoma 13 yil mobaynida amal qiladi.
“DW” nashrining yozishicha, hujjat Bolgariyaning poytaxti Sofiya shahrida ikki kompaniya rahbariyati, shuningdek, Bolgariya Texnik hukumatining energetika vaziri Rosen Xristov hamda Turkiyaning energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotix Donmez ishtirokida qabul qilindi.
Ushbu bitim tufayli Bolgariyada butun dunyo bo‘ylab gaz ishlab chiqaruvchilardan gaz sotib olish va uni Turkiya hududida to‘plash imkoniyati paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng, "Botash" tarmog‘i orqali xom-ashyo Bolgariyaga keltiriladi. Mazkur kelishuv Turkiya hududidan Sofiya shahriga yiliga 1,5 milliard kub metr hajmida tabiiy gazni yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
G. Abdullayeva tayyorladi, O‘zA