Turkiyaning Istanbul shahrida “IMOB” 17-xalqaro mebelsozlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu ko‘rgazmada mamlakatimiz mebel korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham namoyish etilmoqda.
Ahamiyatli jihati, “IMOB” mebel sanoati bo‘yicha jahondagi eng yirik ko‘rgazmalardan biridir. Nufuzli xalqaro tadbirda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan kelgan soha vakillari ishtirok etmoqda. U mebel sanoati yangiliklari va dizaynlarini namoyish etish hamda soha mutaxassislari uchun eng muhim muloqot maydoniga aylanib ulgurgan.
– O‘zbekiston tarixida ilk bor mahalliy mebel sanoati vakillari ushbu ko‘rgazmada rasman o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda, – dedi O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi va O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov. – 312 kvadrat metrdan iborat “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi milliy dizayndagi pavilonda 20 ta mebelsozlik korxonasining mahsulotlari taqdim etilmoqda. Muhimi, ishtirokchilar uchun Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlari bozoriga chiqish, dunyodagi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tajriba almashish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Ko‘rgazmaning ilk kunidayoq mahalliy tadbirkorlarimizning har biri 20 dan ortiq potensial xaridorlar bilan aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa biz uchun juda quvonarlidir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, o‘zbek tadbirkorlari delegatsiyasi kun tartibidan iqtisodiy sanoat hududlari bilan tanishuv, yirik investitsion kompaniyalar bilan uchrashuvlar, Turk Eximbank bilan rasmiy muzokaralar va boshqa hamkorlik tadbirlari o‘rin olgan.
Bunday sa’y-harakatlar esa o‘zbek mebelsozligi milliy brendining dunyoga tanilishi va mebelsozlik mahsulotlari eksporti hajmini oshirishda dadil qadamdir.
“IMOB” xalqaro mebelsozlik ko‘rgazmasi 8 avgust kuni yakunlanadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA