Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiyada Yangi yil bayrami oldidan reydlar o‘tkazilmoqda
14:07 / 2025-12-26

Turkiya xavfsizlik kuchlari Yangi yil bayrami arafasida ISHID terrorchilik guruhi tomonidan rejalashtirilgan hujumlarning oldini olish maqsadida Istanbulda keng ko‘lamli maxsus amaliyot o‘tkazdi va natijada 115 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi, deb yozmoqda “Euronews” nashri.

Politsiya Istanbul bo‘ylab 124 manzilda reydlar o‘tkazib, qurol-aslaha, o‘q-dorilar va terrorchilik faoliyatiga oid hujjatlarni musodara qilgan. Ayrim gumonlanuvchilarning Suriya va boshqa mojaro hududlarida jangovar tajribaga ega ekani, boshqalarining esa xalqaro darajada qidiruvda bo‘lgani ma’lum qilindi.

Avvalroq, Anqara jandarmiya boshqarmasi Istanbul va poytaxtda Yangi yil bayrami oldidan ommaviy hujumlar rejalashtirilayotgani haqida ogohlantirgan edi. Xabarlarga ko‘ra, terrorchilar savdo markazlari va gavjum bozorlarni nishonga olib, qurolli hujum, xudkushlik, avtomobil orqali bostirib kirish yoki dronlardan foydalanishni rejalashtirgan.

Ta’kidlanishicha, joriy hafta Anqarada ISHIDning moliyaviy tarmog‘iga qarshi alohida tergov boshlangan. Ayrim shaxslar Suriya hududidagi terrorchilar va ularning oilalariga pul mablag‘larini go‘yoki “xayriya” yoki “yordam” niqobi ostida yuborgan.

Turkiya o‘tgan yillarda qurolli guruhning hujumlaridan og‘ir zarar ko‘rdi. Masalan, 2015 yil Anqaradagi mitingda portlash, 2017 yil Istanbuldagi Reina tungi klubiga hujum va boshqa terrorchilik harakatlari yuzlab begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘ldi.

Rasmiylarning aytishicha, hozirgi amaliyotlar aynan shu kabi fojialarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan va xavfsizlik kuchlari bayram kunlari yuqori shaylik holatida qoladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA