Joriy yilning 24-25 iyun kunlari Alanya shahrida Turkiyaning “Baygench” nashriyoti O‘zbekistondagi “Shine” qizlar akademiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda turli sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan iqtidorli va faol ayol-qizlarning ijodiy ishlari jamlangan “Oʻzbekistan’ın lider kadınları” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bir guruh o‘zbek va turk shoir-yozuvchilari, fan doktorlari va talabalar ishtirok etishdi.


Yig‘ilishda so‘z olgan “Baygench” nashriyoti rahbari Arslan Bayir bu kabi taqdimot marosimlari ikki millat o‘rtasidagi adabiy, madaniy va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, taqdimotda Alanya shahri hokimi Osman Tarik O‘zchelik ham nutq so‘zlab, o‘zbek adabiyoti va san’ati haqida iliq fikrlar bildirdi.


Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar “Shine” qizlar akademiyasi rahbari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shohida Yusupova tomonidan Amerika, Turkiya, Misr, Hindiston, Ozarbayjon, Xitoy, Ruminiya kabi davlatlarda iste’dodli ayol-qizlarimizning ijodiy ishlari jamlangan xalqaro antologiyalar nashr qilingan.
O‘.Alimov, O‘zA