Istanbulda Turk dunyosi birinchi xalqaro kinokonferensiyada O‘zbekiston kinosanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Konferensiya «Korkut ota» turkiy mamlakatlar kinofestivali doirasida o‘tkazildi. Unda o‘zbek kinosidagi bugungi natijalar va islohotlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbax «Korkut ota» festivali boshqa turkiy davlatlarda ham o‘tkazilishini ma’lum qildi:
- Turkiy davlatlar bilan hamkorligimiz, kino orqali o‘rnatayotgan munosabatlarimiz yanada mustahkam bo‘ladi albatta. O‘zbek kinosi va kino ijodkorlari haqiqatdan ham kuchli va o‘zbeklar kinofilmlarni juda ajoyib ishlashadi, biz sizni olqishlaymiz. O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Toshkent kabi shaharlariga borganmiz. Vataningizga muhabbatimiz boshqacha. O‘zbek kinosining kuchli ekanligi bizni juda quvontirdi. Barcha aktyorlarimizni, prodyuserlarimizni O‘zbekiston kinosi lol qoldirmoqda.
Ozarbayjon kinematografiya departamenti rahbari Rufat Gasanov ham kinofestival haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Bir oy avval biz O‘zbekistonda katta delegatsiya bilan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida bo‘ldik. Mukofot ham oldik. Kinematografiya agentligi bilan «Xo‘ja Nasriddin» kinoloyihasi yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi memorandumni ham imzoladik. Bu loyihaning muallifi Ozarbayjon xalq artisti Vagif Mustafayev. Umid qilamizki, bu loyiha nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida, balki butun turkiy davlatlar o‘rtasidagi qaldirg‘och bo‘ladi.
Firdavs Abduxoliqov,
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori:
– Turkiy davlatlarning mazkur kinofestivalida o‘zbek kinoijodkorlari delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Biz shunchaki bu jarayonning tomoshabini emas, balkim faol ishtirokchisi bo‘ldik. Alohida ta’kidlash kerakki, bunday festivallar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda ham o‘tkazilishi quvonarli.
O‘zbekiston kinosanoati, VGIK filialining ochilishi, kinomuzey va kinofondning ochilishi va boshqa yangiliklarni, shuningdek, afsonaviy «O‘zbekfilm» kinostudiyasining rekonstruksiya qilingani hamda boshqa muhim ma’lumotlar festival ishtirokchilarida juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Turkiyada o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rashid Malikovning «Tutqunlik» filmi namoyish etiladi. Shuningdek, «Ilhaq» hamda «Xalq jasorati» filmlari Turkiya telekanallarida efirga uzatiladi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi
Axborot xizmati
O‘zA