Sirdaryo viloyatidan 36 nafar tajribali va faol o‘qituvchilar 23 noyabr kuni Turkiya Respublikasiga bir haftalik malaka oshirish kursida ishtirok etish uchun yo‘lga chiqdi. Mazkur kurs 30 soatlik zamonaviy o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olib, o‘qituvchilarga Turkiya ta’lim tizimi, innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilg‘or metodlar bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025 yil 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda joriy yil yakuniga qadar har bir tuman va shahardan kamida besh nafardan maktab o‘qituvchilarini xorijga malaka oshirishga yuborish topshirig‘i berilgan edi.

Malaka oshirish dasturi davomida o‘qituvchilar turk mutaxassislari bilan o‘quv seminarlari, amaliy treninglar va tajriba almashish jarayonlarida ishtirok etib, o‘quv jarayonini takomillashtirishga xizmat qiladigan innovatsion yondashuvlar bilan tanishadilar. Ularning qaytishi bilan Sirdaryo viloyati ta’lim muassasalarida yangi fikrlar, samarali metodik tavsiyalar va zamonaviy o‘qitish usullarining keng joriy etilishi kutilmoqda.

O‘qituvchilarni Turkiyaga kuzatish marosimi Guliston shahrida tantanali tarzda o‘tdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, ta’lim sohasi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Marosimda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov o‘qituvchilarga murojaat qilib, quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Pedagoglarning xorijda malaka oshirishi — bu ta’lim sifatiga eng katta sarmoyadir. Har bir o‘qituvchi o‘z tajribasi, bilim va umidlari bilan bizning kelajagimizga xizmat qiladi. Turkiyada olinadigan tajriba nafaqat dars jarayoni, balki bolalarga bo‘lgan munosabat va tarbiya usullarini ham yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchimiz komil. Bu tashrif — Sirdaryo ta’limi rivoji yo‘lidagi muhim qadam, – dedi Davron Isoqov.
Uning ta’kidlashicha, viloyatda pedagoglar malakasini oshirishga qaratilgan bunday tashriflar muntazam davom ettiriladi va ularning natijasi aniq samaralar bilan ko‘rinib boradi.
Sirdaryolik o‘qituvchilarning Turkiyaga tashrifi ta’lim sohasidagi islohotlarning amaldagi ifodasi bo‘lib, pedagoglarning kasbiy salohiyati va ta’lim sifati oshishiga xizmat qiladi. Ularning yurtimizga yangi g‘oyalar va ilg‘or metodlar bilan qaytishi, shubhasiz, viloyatdagi barcha ta’lim muassasalari faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar yaratishga zamin bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri