Turkiyada Farg‘ona viloyatining investitsiya imkoniyatlari taqdimoti o‘tkazildi
Farg‘ona viloyati tadbirkorlari vakillari turkiyalik hamkasblari, Gebze sanoat zonasi rahbariyati bilan hamkorlikda yangi korxonalar tashkil etish masalasida o‘zaro muzokaralar olib bormoqda.
Farg‘ona viloyati tadbirkorlari vakillari turkiyalik hamkasblari, Gebze sanoat zonasi rahbariyati bilan hamkorlikda yangi korxonalar tashkil etish masalasida o‘zaro muzokaralar olib bormoqda.
Bugun ularni Gebze shahri valesi o‘rinbosari Salomat Guner qabul qildi. U O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarini mustahkamlash, savdo aylanmasi hajmini oshirishda Gebze shahri va Farg‘ona viloyati hokimliklarining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
– Shu oyda Gebzelik tadbirkorlar Farg‘ona viloyatida bo‘lib Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida yangi korxona ochish istagini bildirgan edi. Sizlarning tashrifingiz bu amaliy aloqalarni yanada mustaxkamlaydi va kengaytiradi, – dedi Salomat Guner. – O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish imkoniyatlarini osonlashtirdi va biz buni munosib qadrlaymiz. Kelgusi yildan hamkorlikdagi yana bir necha korxonalar tashkil etilishiga ko‘maklashamiz.
– Biz uchun Gebze sanoat zonasi tajribasini o‘rganish juda muhim, – dedi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Muxsinxo‘ja Abdurahmonov. – Maqsadimiz o‘zaro ishonch asosida zargarlik, qurilish industriyasi kabi bir qator sohalarda ham qo‘shma korxonalar tashkil etishdir.
Shu kuni Gebze savdo-sanoat palatasida yuzga yaqin turk tadbirkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab Gebze shahri va Farg‘ona viloyati investitsiya imkoniyatlarining videotaqdimoti bo‘lib o‘tdi. So‘ngra Gebze savdo-sanoat palatasi boshqaruvi raisi Nail Chillar va Muxsinxo‘ja Abdurahmonovlar ikki mamlakat tadbirkorlari savollariga javob berdi. Shundan so‘ng ularning yuzma-yuz muloqotlari bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida bir qator shartnoma va memorandumlar imzolanmoqda.
Muhammadjon OBIDOV