Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti yoshlar va sport yo‘nalishiga mas’ul vazirilarning 9-yig‘ilishida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Turkiya yoshlar va sport vaziri Osman Ashkin Bak bugun Samarqand shahrida bo‘ldi.
Yuqori martabali mehmon qadimiy va hamisha navqiron kent bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasi ziyoratidan boshladi. Turkiya vaziriga buyuk jahongir va temuriylarning Sharqda qudratli davlat barpo etib, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari, bunyodkorlik salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Samarqand
Dunyoga mashhur Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyi, Amir Temur jom’e masjidi ham mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlashdi. Siyob dehqon bozoridagi to‘kin-sochinlik, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan noz-ne’matlar mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Osman Ashkin Bak boshchiligidagi delegatsiya Konigil turizm qishlog‘ida samarqandlik hunarmandlar tomonidan qadimiy usulda Samarqand qog‘ozi tayyorlash jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, “Boqiy shahar” markazida milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasini tomosha qildi.
Mehmonlar Samarqandga sayohati mazmunli o‘tganini qayd etib, o‘zbek xalqi boy tarix va madaniyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari