Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya va Suriya...
17:56 / 2022-12-23

Jumadan jumagacha

Turkiya yetakchisi kechagida rossiyalik hamkasbiga Suriya prezidenti ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. YeIning 6 oktyabr Praga sammitida turk rahbari Damashq bilan uchrashuv o‘tkazish hali erta, degan edi...

Ikki yarim oyda vaqt pishib yetilibdi, chog‘i. Bunga balki Misr rahbari Sisi uchrashuvi turtki bo‘lgandir.

Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati ochilishi marosimida Turkiya va Misr prezidentlari favqulodda, turk matbuoti ta’biri bilan aytganda, ko‘rishib qoldilar. Ular 2013 yildan beri ilk marta yarim soatlik suhbat o‘tkazishdi.

Tahlilchilar Turkiya va Suriya rahbarlarining uchrashuvini faqat Vashington tashkil qila oladi, deb taxmin qilishar edi. Chunki AQSH Suriya kurdlari bilan Moskva va Tehron singari “parda ortida” ko‘rishib yurgani uchun shunday fikrga borishgandi.

Suriya asta mintaqaviy izolyatsiyadan chiqib bormoqda. Damashqning harakatlarini diqqat bilan kuzatib yurgan Anqara uchrashuv tashabbusini qo‘lga oldi.

Moskva va Vashington Anqaraning Suriya shimolidagi harbiy amaliyotiga qat’iyan qarshi chiqib keladi. Turkiya esa bu ikki davlatni mintaqadan siqib chiqarish to‘g‘risida ko‘p o‘ylaydi, deydi aksariyat ekspertlar. Ular, hatto, turk rahbariyatining Rossiya va AQSHni kurd jangarilarini Turkiya chegarasidan olib chiqib ketish va’dasini bajarmaslikda ayblaganini eslatishadi.

Vashington suriyalik kurdlar tuzilmalarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etmoqda, turklarga qarshi siyosatda ulardan foydalanmoqda, deyiladi.

Amerika va Turkiya harbiy idoralari vakillarining yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida jangari kurdlar Anqaraga taslim qilinmagani va turk harbiylarining Suriyadagi quruqlikdagi amaliyotlariga qarshi chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.

Ana shundan keyin harbiylar muzokaralarda o‘zaro “lirik chekinish” e’lon qilishdi.

Biroz vaqt o‘tgach, turk gazetalari davlat yetakchisining bayonotini keltirishdi. Unda “Suriya rahbari bilan uchrashuv o‘tkazish uchun hech kimdan ruxsat so‘ramasligi” aytildi. Bu amerikaliklar uchun aniq ishora edi.

Aslida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish ilk marta Kremldan chiqqani ma’lum. Biroq u e’tiborga olinmagan edi.

Endi esa, Rossiya rahbari Turkiya tashabbusini qo‘llagan. Rus matbuoti xabarlarida "suriyalik do‘stlar bilan maslahatlashuvlar" boshlab yuborilgani ma’lum qilinadi.

Rossiya Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qat’iy sodiq ekanini doim namoyon etib keladi. Anqara - Damashq muloqoti muvaffaqiyat qozonsa, Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin o‘zgarishiga olib kelishi haqida gapiradi tahlilchilar. Qolaversa, chegaradosh bo‘lmagan uzoq-yaqindagi xorij davlatlari mintaqadan biroz tisarilishga majbur bo‘ladi.

Hali ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Ularga faqat bo‘lg‘usi voqealar va okeanortining munosabatlaridan keyin javob topish mumkin bo‘ladi...

Uchinchi muddat muqarrarmi?...

Dekabr oyi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uchun ancha barakali bo‘ldi. Oy boshida AQSHda muhim muzokaralar o‘tkazdi, oyning ikkinchi yarimida Belgiyada YeI yetakchilari muloqot qildi, bu orada ikki marta Qatarga - “JCH-2022”ga borib-keldi. Misr qirg‘oqlaridagi "Sharl de Goll" nomidagi samolyot tashuvchi kema dengizchilarini ziyorat etdi.

45 yoshini nishonlash 21 dekabrda Iordaniyada o‘tgan mintaqaviy konferensiya ishiga to‘g‘ri keldi...

U Beshinchi respublika tarixida eng yosh prezident bo‘lib tarixga kirgan. Sharl de Goll davlat rahbari etib saylanganida 68 yoshda bo‘lgan, Valeri Jiskar d’Esten mamlakat yetakchisi lavozimiga kelganida 48 yoshda edi...

U Jak Shirakdan keyin ikkinchi muddatga saylangan navbatdagi prezident bo‘ldi. Makrondan avval Fransua Olland va Nikolya Sarkozi Yelisey saroyida bir muddatdan “saltanatda qolgandilar”.

Makron 50 yoshga yetmasidan 2027 yilda uning ikkinchi muddati tugaydi. Siyosatchi uchun bu eng qirchillama yosh. Ammo... Fransiya Konstitutsiyasida davlat rahbari ikki marta ketma-ket bu lavozimda qolishi mumkin emas, deb yozib qo‘yilgan.

Beshinchi respublikaning sakkizinchi prezidenti uchun uchinchi muddat yaratish mumkin, deydi mahalliy huquqshunoslar. Bunga asos qilib Fransiya Davlat kengashining shu yil kuzda qabul qilgan qarorini ro‘kach qilishmoqda. Napoleon davridan beri mazkur Kengash ijroiya hokimiyatiga huquqiy masalalarda jo‘yali maslahatlarni ko‘p bergan.

Kengashning oxirgi qarori uchun Bosh vazir Elizabet Bornning Fransiyaning Polineziyasidagi vaziyat bo‘yicha murojaati sabab bo‘ldi (Fransiya hamdo‘stligiga kiradigan Polineziya Tinch okeani janubiy qismining markazida joylashgan).

Okean qirg‘og‘idagi davlatning avvalgi rahbari prezidentlik muddati tugamasdan lavozimini tark etadi va 2014 yilda o‘rniga Eduard Frich yetakchi etib saylanadi. U esa salafining o‘rniga o‘tirgani uchun birinchi muddatda besh yil o‘rniga bor-yo‘g‘i uch yarim yil davlatni boshqaradi.

2018 yilgi saylovlarda u yana g‘olib bo‘ladi. Birinchi prezidentlik muddati to‘liq bo‘lmagani uchun 2023 yilda o‘tadigan navbatdagi saylovlarda qatnashish istagi tug‘iladi. Davlat kengashi uzoq kengashgach, uning “ikki muddatda to‘liq prezidentlik amal kursisida o‘tirmagani uchun” saylovda ishtirok etishiga ruxsat beradi.

Makron-chi, u ham bu usuldan foydanlansa bo‘lmaydimi?

Nazariy jihatdan mumkin, deydi mutaxassislar. Ular prezident, masalan navbatdan tashqari parlament saylovlarida uning tarafdorlari mag‘lubiyatga uchrasa, Milliy majlis tarqatib yuboriladi. Asosiy qonunga ko‘ra, davlatni vaqtincha Senat raisi boshqarib turadi. Makron esa navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida yana bemalol ishtirok etishiga imkon ochiladi, degan ehtimollarni ilgari suradi.

Yarim yil oldin shakllanishiga qaramay yaqin kelajakda palatalarning tarqatib yuborilishi hech gap emas. Senatorlar va deputatlar orasida jiddiy kelishmovchiliklar chiqib turibdi, hatto ular bir marta mushtlashishgacha borib yetdi, degan xabar bor.

Hukmron “Renessans” partiyasi qonun loyihasini parlamentdan o‘tkazishi uchun muntazam murosa yo‘lini axtarishiga to‘g‘ri kelmoqda. Buning uchun 577 deputatdan 289 nafarining qo‘llovi zarur...

Makron birinchi muddatni muvaffaqiyatli yakunladi, bo‘lmasa bahorda o‘tgan prezidentlik saylovlarida 58,5 foiz olmagan bo‘lar edi. 9-16 dekabr kunlari o‘tkazilgan ommaviy so‘rov natijalariga ko‘ra so‘rovda qatnashganlar undan mamnun ekanliklarini tasdiqlashdi.

Makron har tomonlama yetuk rahbar. Uning bu darajaga yetishishida “Syans-Po" siyosiy bilimlar instituti, Ma’muriyatning milliy maktabi, Moliya bosh inspeksiyasi, Rotshild banki uyi, Iqtisod vazirliklarida olgan ta’limi va boy mehnat tajribasi qo‘l kelmoqda.

Avvalo oilaviy muhit uning tarbiyasini shakllantirgan. Otasi Jan-Mishel Makron nevrologiya professori, onasi Fransuaz Noges ham vrach. Uning tarbiyasida eng katta rolni ona tomonidan buvisi o‘ynagan. Maktab direktori Jermen Noges nabirasi ko‘ngliga yo‘l topib, adabiyotga, musiqaga va o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lishni o‘rgatgan.

Maktab chog‘ida bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i Brijit Tronyo bilan boshlangan “muhabbat rishtasi” hamon puxta. U ko‘p e’tirozlarga qaramay hayot tanlovi qarorida qat’iy turib oldi. Bu ham uning tabiatidan bir shingil...

Sho‘r peshonalar...

Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat uch kun avval talaba qizlarning universitetlarda ta’lim olishini ta’qiqlab qo‘ydi. O‘sha kuniyoq Qobuldagi universitetlar harbiy mashinalar bilan o‘rab olindi va talaba qizlar o‘qishga qo‘yilmadi.

Ulardan ayrimlari ertasiga norozilik namoyishi o‘tkazishdi, kamsonli qatnashchilarni politsiya bir pasda tarqatib yubordi.

Oliy ta’lim vaziri Nada Muhammad Nadim afg‘on talaba qizlari ko‘pincha hijob kiyishmaydi, deb ta’qiq sabablarini sharhlagan bo‘ldi.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari yotoqxonalarida va viloyatlardan kelgan qizlar erkaklar hamrohligisiz o‘qishga borishgan, erkaklar va ayollar birgalikda o‘qishni davom ettirishgan, ayrim qizlar “islom qonunlariga zid” fakultetlarida tahsil olishgan...

Ta’qiqning qachongacha davom etishi haqida gap yo‘q. BMT ayollarning universitetlardan chetlashtirilishi xalqaro huquqning buzilishi, deb hisobladi.

Ekspertlar bu amallar Afg‘onistonni o‘ttiz yil orqaga, ya’ni toliblarning ilk boshqaruvi davrida qizlarni ta’lim olish huquqidan voz kechtirgan zamonga qaytarmoqda. deyishadi.

AQSH Davlat departamenti Bosh kotibi Entoni Blinken “Afg‘oniston barcha aholisi huquqlari himoya qilinmas ekan, Tolibon xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli a’zo bo‘lishiga da’vo qilmasinlar”, deb bayonot berdi.

O‘tgan yilning avgustida hokimiyatga kelgan yangi hukumat yumshoqroq hukmronlik qilishga va’da bergan edi, aslida esa ayollarning barcha huquq va erkinliklarini cheklash to‘xtamayapti.

Hukumat ichida ham qiz va ayollarning ta’lim olishlari bo‘yicha tortishuvlar bo‘layotgani haqida xabarlar sizib turadi.

O‘tgan yili o‘rta maktablarda qizlarning o‘qishi vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida aytilgan edi, ammo hanuz maktablar ochilmadi...

Uch oygina avval minglab qizlar xursandlik bilan universitetlarga kirish imtihonlari topshirishgan edi.

Talaba qizlar qisqartirilgan darslar o‘tishdi. Xususan, veterinariya, muhandislik ishi, iqtisod va agronomiya, ayniqsa, jurnalistika fakultetiga kirishda jiddiy cheklashlar kuzatilgandi.

O‘tgan yildan beri universitetlarda erkak va ayollar alohida darsxonalarda ta’lim olishayotgan edi. Qizlarni faqat ayol o‘qituvchilar yoki keksa erkaklar o‘qitishiga ruxsat berilgandi.

Ta’limdan tashqari noyabr oyidan boshlab poytaxtlik ayollarga istirohat bog‘lariga borishga ham ta’qiq qo‘yildi.

Toliblar buning sababini shariat qoidalari buzilayotgani, ayollar hijobsiz sayr etayotganliklari, erkaklar va ayollar uchun belgilab qo‘yilgan sayr kunlariga rioya qilinmayotganini ro‘kach qilishgan edi.

Bir muddat oldin Log‘ar viloyatida xotin-qizlarga mobil telefonlar uchun sim-kartalar sotish taqiqlangandi...

Hadislarda keltirilgan “Ilm olish mo‘min va mo‘minaga farzdir” ta’limotini eslatishdan ziyoda xulosaga gap topolmadim...

Buguncha shu.

Kelasi jumada xabarlashguncha!

Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi