O‘zbekiston delegatsiyasining yaqinda Turkiyaga va undan so‘ng Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashriflari mamlakatning ma’rifiy diplomatiyasi, ilmiy hamkorlik va madaniy meros targ‘ibotida muhim o‘rin tutadi. Ushbu safar davomida o‘zbekistonlik olimlar bir qator nufuzli xalqaro yig‘ilishlar, uchrashuvlar va taqdimotlarda ishtirok etib, milliy merosimizni jahon ilmiy hamjamiyatiga yanada keng tanishtirdilar.
Delegatsiya tashrifining asosiy tadbiri Istanbulda bo‘lib o‘tgan, Turkiya Milliy saroylar boshqarmasining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘ldi. Ushbu nufuzli anjuman muzey ishi, madaniy merosni saqlash va zamonaviy ekspozitsiya yondashuvlariga bag‘ishlandi.
Ochilish marosimida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning videomurojaati namoyish etildi. Shuningdek, vitse-prezident Jevdet Yilmaz, Milliy saroylar direktori Yasin Yildiz va boshqa rasmiylar so‘zga chiqib, tarixiy merosni asrash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ahamiyati borasida so‘zladilar. Mazkur tuzilmaning shakllanishi 1925 yilda Mustafo Kamol Otaturkning tashabbusi bilan Usmoniylar saroylarining davlat tasarrufiga o‘tkazilishi bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlandi.
Simpoziumda O‘zbekistondan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi rahbari Jannat Ismoilova, “O‘zArxiv” agentligi direktori o‘rinbosari Sherzod Sodiqov hamda ilmiy xodim Nasriddin Mirzayev ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Ular mamlakatimizda madaniy merosni asrash va uni jamoatchilikka yetkazish, shu bilan birgalikda, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasidagi yutuqlar haqida so‘z yuritdilar.
Simpozium doirasida O‘zbekiston nomidan taqdimot qilgan Firdavs Abduholiqov Markaz faoliyati, uning maqsad va vazifalari, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ekspozitsiyalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshchilik qilingan ma’rifiy loyiha haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Markazning asosiy vazifasi — islom ma’rifati, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi va o‘zbek sivilizatsiyasining jahonga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib qilishdan iborat. Shunga ko‘ra yanada jonli va yorqin tasavvur hosil bo‘lishini ta’minlash maqsadida ekspozitsiyalar sun’iy intellekt yordamida boyitilib, buyuk ajdodlar siymolari interaktiv usulda jonlantirilmoqda.
Tadbirda Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan, oxirgi yillardagi ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlikdagi loyihalar va zamonaviy muzeologiya bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilovaning ta’kidlashicha, Turkiya safarida turk muzeylari va kutubxonalaridagi o‘zbek tarixiga oid nodir eksponatlar bilan tanishish ikki xalqning tarixiy ildizlari mushtarakligini yana bir bor isbotlaydi.
Safar davomida delegatsiya IRSIKA rahbari Mahmud Erol Qilich bilan uchrashdi. U O‘zbekistonning islom merosini asrash bo‘yicha 57 davlat orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelayotganini ta’kidladi. Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSICA) tomonidan esa O‘zbekistondagi ma’naviy-ma’rifiy islohotlar haqidagi maxsus foto-faktlardan iborat kitob tayyorlanayotgani, unda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan yirik loyihalar aks ettirilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan birgalikda, Delegatsiya Istanbuldagi Suqaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondi bilan ham tanishdilar. Turkiya Qo‘lyozmalar agentligi rahbari Joshqin Yilmaz ushbu kutubxonada 200 mingdan ortiq qo‘lyozma saqlanib, ularning salmoqli qismi O‘zbekiston tarixiga oid manbalar ekanligi, O‘zbekiston va Turkiya mutaxassislari qo‘lyozmalarni tadqiq qilish bo‘yicha ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilb kelayotganini qayd etdi.
Turkiyadagi uchrashuvlardan so‘ng, Firdavs Abduholiqov Saudiya Arabistonining Makka shahriga yo‘l oldi. Tashrif Bosh kotib taklifiga binoan Birlashgan Islom Ligasi(Muslim World League)ga amalga oshirildi.
Makkada MWL tomonidan ishga tushirilgan yangi elektron platformaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha islomiy merosni raqamlashtirish, ilmiy hamkorlikni global darajada kuchaytirish va islom sivilizatsiyasi tadqiqotlarini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilishni ko‘zda tutgan.
Shuningdek, Abduholiqov MWL Bosh kotibi Abdulkarim al-Issa bilan uchrashuvda raqamlashtirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ko‘rgazmalarni tashkil etish va konferensiyalar o‘tkazish, hamda mutaxassis almashish bo‘yicha istiqbollarni muhokama qildi. Tomonlar strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bir so‘z bilan aytganda, Istanbuldagi uchrashuvlar qo‘lyozmalarni tadqiq qilish, muzeylar bilan hamkorlik hamda madaniy merosni saqlash yo‘nalishida yangi imkoniyatlar ochib bergan bo‘lsa, Makkadagi muzokaralar raqamli platformalar orqali global islomiy merosni targ‘ib etishning yangi davrini boshlab berdi.
Mazkur tashriflar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini dunyoga tanitish, ma’naviy-ma’rifiy diplomatiyani rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib tarixda qoladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA