Boy madaniy qadriyatga ega, tarixi va kelajagi uyg‘un Turkiya butun dunyoda o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega yirik davlat. Iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra, Turkiya dunyodagi eng kuchli 20 mamlakatdan biri.
Turkiya haqida so‘z borganda, beixtiyor Istanbul, Izmir, Anqara, Kappadokiya, Antaliya, Ada, Bursa singari afsonaviy shaharlar ko‘z oldimizga keladi. Butun dunyo sayyohlari,jumladan o‘zbekistonliklar uchun ham bu diyor eng sevimli, qiziqarli sayohat manziliga aylangan.

86 milliondan ziyod aholisi bor bu davlat Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Eron, Iroq, Suriya, Gretsiya va Bolgariya bilan chegaradosh.
Turkiya Yevropa janubi-sharqida, Osiyo janubi-g‘arbida joylashgan, Vizantiya, Rim, Fors va qadimgi Yunon va Usmoniylar sultonligi madaniyatini o‘ziga jo qilgan yurt. Bosfor bo‘g‘ozi qirg‘og‘ida yastangan ko‘p millatli Istanbul – osmono‘par minoralari bilan mashhur Ayo Sofiya masjidi, XVII asrda qurilgan hashamatli Ko‘k Masjid va 1460-yillarda barro etilgan usmonli sultonlari sobiq qarorgohi To‘pqopi saroyi dunyo sayyohlari uchun sevimli maskan.
Shu o‘rinda qayd etish kerak, boy tarixga ega Turkiya ko‘plab sohalarda yetakchi.Ilk yozuv, birinchi surat, eng qadimiy tanga shu yurtga tegishli, yerga birinchi bor aynan shu zaminda urug‘ qadalgan ekan. Jahon mo‘’jizalarining ikkitasi zamonaviy Turkiya hududida joylashgan: Artemida ibodatxonasi va Galikarnas maqbarasi. Turkiyada harbiy xizmat muddati juda qisqa: ma’lumotidan kelib chiqib, yigit uch oydan o‘n besh oygacha yigitlik burchini o‘taydi. Turklarning mashhur, yer yuzidagi eng antiqa deserti to‘rt mahsulot – tovuqning qaynatilgan to‘shi, shakar, sut va bir chimdim dolchin.

Turkiyada shifokorlar to‘qqiz yil tahsil oladi. Tibbiy markazlar soni bo‘yicha mamlakat jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Juda ko‘p yevropaliklar davolanish uchun shu diyorga boradi. Turk ayollari 1926 yildan ovoz berish huquqiga ega.
Qora, Marmara, Egey va O‘rta yer dengizlari bo‘ylab sakkiz ming kilometrdan ziyod qirg‘oq bilan o‘ralgan Turkiya mehmonlarga shaffof va feruz suvi, dengiz osti ajoyibotlaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Ajoyib ta’mi, juda ko‘p foydali xususiyatlari bilan tanilgan oshxonasi, betakror va orombaxsh san’ati – alohida mo‘’jiza. Turk kuy-qo‘shiqlarini tinglar ekansiz, qalbingiz tub-tubidan zavq, rohat his etasiz, sharqona ohang jozibasini terang anglaysiz. Ehtimol, tilimiz, dinimiz, qadriyatlarimiz o‘xshash bo‘lgani uchun bu ohanglar bizga juda qadrli tuyular...

Darhaqiqat, Turkiya va O‘zbekistonni o‘xshash til, uyqash an’ana, yagona din, azaliy do‘stlik va madaniy aloqalar bog‘lab turadi. Bejiz turklarni qardosh xalq, demaymiz. Zero, hozirgi turklar ajdodi zamonaviy Turkiya hududiga Movarounnahr zaminidan kirib kelgan. Shu sabab, O‘zbekiston Turkiyada ajdodlar zamini hisoblanadi va “ota yurt”, deya qadrlanadi.
Turkiya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo‘lib tan olgan va 1992 yil 4 martda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. 1992 yil aprel oyida yurtimizda ochilgan xorijiy elchixonalarning birinchisi Turkiya Respublikasiniki. 1993 yil yanvar oyida Turkiyada O‘zbekiston elchixonasi ochilgan.
O‘zbekiston Turkiyaga rangli metall va shunday xom ashyodan tayyorlangan buyumlar, paxta tolasi, kalava-ip, meva-sabzavot, xizmat, azotli o‘g‘it, neftni qayta ishlab olingan mahsulotlar eksport qiladi. Turkiya importi parfyumeriya, kosmetika vositalari, mexanika va elektr uskunalari, plastmassa va yelimdan tayyorlangan buyumlar, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlaridan iborat.

So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo miqdori 1.5, qo‘shma korxonalar soni 2, investitsiya 2,5 barobar oshgan. Shaharlarimiz o‘rtasida haftasiga 90 marta havo qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Turkiya yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bozorida juda faol. Turk biznesi ishtirokida 100 dan ortiq loyiha samarali amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining Turkiyaga so‘nggi rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama aloqani yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishda zamin yaratadi.
Samarali uchrashuvlar энyerгетика, tog‘-kon, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Tashrif doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilib, tomonlar o‘zaro savdo miqdorini 5 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Xulosa shuki, ikki mamlakat o‘rtasidagi ijobiy aloqalar nafaqat davlatlarimizni rivojlantirish, balki xalqlarimiz farovonligini oshirish, o‘zaro do‘stlik, birodarlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA