So‘nggi paytda Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi munosabat keskinlashgan. O‘tgan hafta Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqara Afina bilan ikki tomonlama muzokarani to‘xtatganini e’lon qildi va ikkinchi tomonni, yumshoq qilib aytganda, “insofsizlikda” aybladi.
Ikki qo‘shni hamda NATO a’zosi O‘rta yer va Egey dengizlarida bir-biriga zid hududiy da’vo masalasida, mintaqadagi va Kipr atrofidagi resurslardan foydalanish borasida ziddiyatga duch kelmoqda.
Raqobat Turkiya - Yunoniston munosabatida yangilik emas. Xufiyona yoki ochiq to‘qnashuv anchadan buyon davom etib kelmoqda. Ukrainadagi voqealar tufayli Anqara va Afina o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchaydi.
Mart oyi o‘rtalarida Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan yuzma-yuz uchrashish uchun Istanbulga bordi. OAV xabarlariga ko‘ra, uchrashuv ijobiy va konstruktiv tarzda kechgan. Yetakchilararo tashrifga shimoldagi urush sabab bo‘lgani ta’kidlandi.
Muloqotda Mitsotakis va Erdog‘an hamkorlik yo‘llarini topishga, har ikki tomon uchun foydali ijobiy dasturlarga e’tibor qaratish muhimligi bo‘yicha kelishib oldi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li Afinani Egey dengizi hududini noqonuniy harbiylashtirishda ayblayapti.
Ushbu mojaro nima sababdan kuchayib borayotganini tushunish uchun uzoq tarixga, ziddiyatga turtki bergan xalqaro huquq haqidagi turli qarashlarga murojaat qilish lozim bo‘laadi. Qolaversa, Gretsiya va Turkiyadagi kuzatuvchilar Ukrainadagi vaziyatning ta’sirini qanday izohlashi ham muhim. Yunon va turk siyosatchilari uchun Rossiyaning harakati Egey dengizi yangi xavf, yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqardi.
Shimoldagi voqea Afinani Turkiyaning jonlanishidan, ya’ni Vashington bilan aloqani kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatini kuchaytirishidan xavfsiray boshlashiga olib keldi.
Yechimi yo‘q muammo
Anqarada esa Turkiya ambitsiyasini jilovlash uchun AQSH va Gretsiyaning birlashishi haqidagi xavotir kuchaygan. Zero, hech bir tomon Rossiya bosqinini kuchayish uchun aniq bahona sifatida ko‘rmasa-da, Gretsiya va Turkiyaning Egey dengizidagi hozirgi chegarasi birmuncha og‘riqli, xalqaro kelishuv natijasida hal etiladigan masaladir.
XX asr Gretsiya uchun yaxshi boshlandi. 1821 yilda Usmonli imperiyasidan mustaqillikka erishgan mamlakat Birinchi jahon urushigacha sezilarli darajada kengaydi. Bunga Afina yer yuzidagi eng qudratli ikki davlat - Buyuk Britaniya va Fransiya bilan mustahkam aloqa o‘rnatgani sabab bo‘lgandir, ehtimol?!
1912 yil Gretsiyaning Egey dengizidagi orollarni bosib olinishiga Turkiya tomonidan tarixiy mag‘lubiyat, xo‘rlik va iztirob davri sifatida qaraladi.
Ushbu urushdan asosiy maqsad Egey dengizi va O‘rta yer dengizi sharqiy qismida hukmronlik qiladigan buyuk Yunonistonni yaratish umidi edi. Shu sabab 1919 yil Gretsiya Izmir (yoki Smirna) portiga qo‘shin yubordi.

Turkiyaning 1922 yili Gretsiya ustidan zafar qozonishi bugun misli ko‘rilmagan turk g‘alabasi sifatida yodga olinadi. Yunonistonning Anadoludagi ishg‘olini tugatgach, Anqara o‘z mustaqilligini e’lon qilib, Gretsiyaning g‘arbiy ittifoqchilariga, xususan, Buyuk Britaniyaga qarshi chiqdi. 1922 yilda tuzilgan Lozanna shartnomasiga ko‘ra, Afina Turkiyaning Anadoludagi suverenitetini tan olishga majbur bo‘ldi.
To‘g‘ri, bu g‘alaba ancha qimmatga tushdi: Anadoluning ichki qismi vayron bo‘ldi.
Umuman, Lozanna shartnomasi bilan ikki davlat Egey dengizi orqali qat’iy chegara o‘rnatishga kelishib oldi. Afina, o‘z navbatida, Anadolu qirg‘oqlari yaqinidagi yirik orollarning ko‘pini saqlab qoldi, lekin bu hududlarda dengiz bazalari va istehkomlari qurmaslikka va’da berdi. Shartnoma, shuningdek, Egey dengizi uzra yunon va turk harbiy samolyotlari parvoziga taqiq qo‘yibgina qolmasdan, Gretsiya orollarida jandarm va askarlar joylashuvini ham cheklagan.
Afina va Anqara 1930 yil yana bir do‘stlik shartnomasini imzolagan bo‘lsa-da, keyingi o‘n yillikda mamlakatlar o‘rtasidagi taranglik va kelishmovchilik kuchayishda davom etdi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Italiya Dodekanes ustidan nazoratni Gretsiyaga berdi.
Turkiya e’tiroziga qaramay, 1947 yilda Parij shartnomasiga ko‘ra, Rim bu 12 orolni Afinaga berdi. Binobarin, Lozanna shartnomasida bo‘lgani kabi, Rodos, Kastellerizo va zanjirdagi boshqa hududlar ustidan yunon suvereniteti ushbu orollar qurolsizlantiriladi, degan va’da bilan birga berilgan.
Bundan tashqari Kipr suverenitetiga nisbatan qarama-qarshi da’volar ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi. 1960 yil Kipr mustaqillikka erishgach, turk harbiy samolyotlarining Gretsiya orollari uzra noqonuniy parvozi ko‘paydi. 1974 yil Turkiya bosqini va Kipr bo‘linishidan so‘ng Egey dengizidagi keskinlik jiddiy tus oldi. Aynan shu davrda turklar Gretsiya orollarining hududiy suvereniteti, xususan, Turkiyaning Egey dengiziga kirishini cheklab qo‘yganligi (shu yo‘l orqali Anqarani neft qazib olish imkoniyatidan mahrum qilish ko‘zlangan) yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.
Anqara shu kungacha Gretsiyaning Egey orollarini noqonuniy ravishda harbiylashtirishini qoralab keladi. Turk samolyotlari orollar uzra Gretsiya havo hududini muntazam ravishda buzadi (bu amaliyot 2022 yil aprel oyidan ancha kuchaygan).
Shuningdek, yaqinda Turkiya, agar Gretsiya hukumati dengiz chegarasini 12 milya chegarasiga kengaytirsa, urushga kirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
Qolaversa, Gretsiya va Turkiya NATO homiyligida ittifoqchi bo‘lsa-da, Turkiya haligacha Gretsiya bilan urushni Afinaning hech qachon javobgarlikka tortilmagan jinoyati sifatida baholaydi.
Gretsiyaning Fransiya va AQSH bilan yaqinlashuvi
Fransiya va AQSH bilan mudofaa shartnomasi imzolanishi Afinada ma’lum bir konsensus shakllanganidan dalolat. Xarajat va yondashuv borasidagi farqqa qaramay, Siprias ham, Mitsotakis ham Gretsiya armiyasini kuchaytirish zarurati haqida umumiy fikrda. Fransiyadan yangi qurol tizimi sotib olishdan tashqari Afina Vashington bilan aloqani chuqurlashtirishda davom etmoqda.

Gretsiyadagi muzokarachilar kelishuvga intilishda davom etar ekan, Gretsiyada Amerikaning muqim joylashish (jumladan, to‘rtta qo‘shma o‘quv bazasi tashkil etish) istiqboli paydo bo‘ldi. Yunonlarning xavfsizlik strategiyasi esa hali ham dogmatik mudofaa pozitsiyasiga asoslangan. Ko‘pchilikning fikricha, Gretsiya o‘z qurolli kuchlarini qurish va modernizatsiya qilish borasida jiddiy to‘siqqa duch kelmoqda. Shu o‘rinda surunkali iqtisodiy kamchilikdan tashqari Afina texnologik rivojlanish va mudofaa ishlab chiqarish nuqtai nazaridan aniq imkoniyat yetishmasligidan ham aziyat chekmoqda.
Rossiya - Ukraina nizosining ta’siri
G‘arbning Rossiya bilan munosabati yomonlashuvi, bir yunon olimi aytganidek, “Turkiyaning ekspansionistik sur’atini susaytirmaydi, balki kuchaytiradi. Zero, Turkiya bizdan farqli ravishda G‘arbga tegishli emas”. Binobarin, olim Erdog‘an urushdan foydalanib, Turkiyaning Egeyga da’vosini yanada kuchaytirib borishini aytib o‘tdi.
Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Gretsiyaning Egey dengizidagi suveren huquqini tan olganini qadrlar ekan, tarixchi Kostas Iordanidis Gretsiya hech qachon “Buyuk Gretsiya”ni yaratish istagidan voz kechmaganini e’tirof etadi. Uning fikricha, bir asrlik muvaffaqiyatsizlikka qaramay, Afina hali ham “Istanbulni egallash va shaharda nasroniylik hukmronligini tiklash istagida.
Ayniqsa, AQSHning Gretsiyadagi Aleksandrupolis portidan foydalanishi Turkiya hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy xavf tug‘dirmoqda.
NATOning Ukraina qarshilik harakatiga yordam berishini ko‘pchilik Egey va Qora dengizda Amerika nazoratini o‘rnatish bo‘yicha kengroq rejaning bir qismi sifatida ko‘rmoqda.

— Ayni harakatlar ortida AQSHning xalqaro gegemonligini kengaytirish maqsadi turibdi, — deydi taniqli kuzatuvchi. — Gretsiyani qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zoligini rag‘batlantirish ushbu kengroq maqsadning tarkibiy qismidir. Bu niyatni amalga oshirish uchun Turkiya har qanday vaziyatda to‘siq bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari Ukrainada yuzaga kelgan noaniqlik hisobga olinsa, mintaqadagi qurolli qarama-qarshilikning siyosiy qiymati va iqtisodiy xarajati ham Turkiya, ham Gretsiya uchun og‘ir bo‘ladi. Shu bilan birga har ikki davlatning ichki ishi siyosiy yetakchilarni qat’iy chora ko‘rishga undashi mumkin. So‘nggi so‘rovlarda Mitsotakisning hukmron “Yangi demokratiya” partiyasi ommabopligi pasayib ketdi. Bu holat siyosatchi keng miqyosda markazchi bo‘lib qoladimi yoki o‘ngga o‘tadimi, degan savolni keltirib chiqarmoqda.
Turkiya - Yunoniston munosabatida bo‘lgani kabi, Rossiya va Ukraina o‘rtasida ham hududiy masalada ko‘p vaqtdan beri qarama-qarshilik, kelishmovchilik mavjud.
AQSH va NATOning Ukraina tufayli Rossiyaga qarshi pozitsiyasi Gretsiya-Turkiya mojarosini qo‘zg‘atib, Egey dengizini NATO va Rossiya o‘rtasidagi urushda e’lon qilinmagan ikkinchi frontga aylantirish ehtimoli bor.
Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisning o‘ng qanot hukumati Vashingtonning Rossiyaga qarshi harakatini tap tortmasdan qo‘llab-quvvatladi. Egey dengizi shimolidagi Gretsiyaning Aleksandrupolis porti AQSHga qarashli yirik harbiy bazaga aylantirildi. Ushbu portdan Ukrainaga va Ruminiya va Ukraina chegarasidagi NATO kuchlariga qurol yetkazib berishda foydalanilmoqda.
Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA sharhlovchisi