Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya tajribasi o‘rganildi
11:06 / 2026-02-16

Buxorolik 15 nafardan ortiq fermerlardan iborat delegatsiya qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish maqsadida Turkiyaning Adana shahriga bordi.

Delegatsiya a’zolari Sharqiy o‘rta yer dengizi qishloq xo‘jaligi tadqiqot institutining malakali professor-o‘qituvchilari va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari bilan uchrashdi. Paxtachilik, g‘allachilik, donli ekinlar yetishtirish texnologiyalari, zamonaviy agrotexnika usullari hamda ilmiy yondashuvlar bo‘yicha atroflicha tajriba almashdi. Suhbatlar davomida tuproq unumdorligini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, yuqori hosildor navlarni joriy etish, intensiv dehqonchilik usullarini qo‘llash kabi muhim masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar almashindi.

Shuningdek, delegatsiya mamlakatning eng muhim qishloq xo‘jaligi hududlaridan biri hisoblangan Adanadagi g‘allachilik klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U yerda ishlab chiqarish zanjiri – urug‘chilikdan boshlab qayta ishlash, saqlash, logistika va eksportga chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarning o‘zaro uyg‘un mexanizmi namoyish etildi. Bu esa fermerlarda klaster tizimining iqtisodiy samaradorligi va raqobatbardoshlikni oshirishdagi ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qildi.

–Bunday o‘quv safarlari fermerlarimiz uchun juda katta ahamiyatga ega, –deydi viloyat fermerlar kengashi raisi Xurshid Boltayev. –Chunki bu yerda biz faqat nazariy bilim emas, balki amaliy tajriba, aniq texnologiyalar va ishlab chiqarish modellarini ko‘ryapmiz. Turkiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ilmiy yondashuv, klaster tizimi va innovatsion texnologiyalar qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlik va barqaror rivojlanishning asosiy omillaridir. Biz ushbu tajribani Buxoro viloyati fermer xo‘jaliklarida bosqichma-bosqich joriy etishni maqsad qilganmiz. Asosiy maqsadimiz  yuqori qiymatli eksportbop mahsulotlar yetishtirish, fermerlar daromadini oshirish va xalqaro bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar kelgusida ham bunday o‘quv safarlarini muntazam tashkil etish, agrar sohada ilmiy va amaliy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar. O‘quvlar yakunida ishtirokchi fermerlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri