Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari saʼy-harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirish orqali rejaning barcha bandlarini amalga oshirilishini tezlashtirishga qaror qilindi.
Anqara shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktay va Turkiyaning asosiy vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv COVID-19 pandemiyasining ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga koʻrsatayotgan salbiy taʼsirini minimallashtirish boʻyicha hamda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida investitsiya, savdo, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokamasiga bagʻishlandi.
Muzokaralar chogʻida ikkala tomon ham pandemiyaning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga salbiy taʼsiriga qaramay, Oʻzbekiston va Turkiya davlat rahbarlari belgilab bergan umumiy kelishuv va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha faol ish olib borayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Turkiya hukumatiga Oʻzbekistonga tibbiy uskuna va oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlarini yetkazib berish orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda oʻz vaqtida amaliy yordam koʻrsatilgani, shuningdek, Turkiya tibbiyot muassasalari professorlari tarkibidan iborat ekspertlar tashrifi tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Respublika aholisi orasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha qabul qilingan qoʻshimcha chora-tadbirlar munosabati bilan aholiga yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha maslahat berish va tibbiy muassasalarni boshqarishda koʻmaklashish uchun turkiyalik shifokorlarning Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari savdo-iqtisodiy sohada Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi bir qator hukumatlararo bitimlarni ratifikatsiya qilish protseduralari tugallangani toʻgʻrisida fikr almashdilar. Ikki tomonlama idoralararo muvofiqlashtiruv natijasida hozirga qadar Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish, Ikki tomonlama soliq solinishining oldini olish, shuningdek, Xalqaro kombinatsiyalangan yuk tashish hamda Xalqaro yoʻlovchi va yuklarni tashish toʻgʻrisidagi bitimlarning kuchga kirishiga erishilgani taʼkidlandi. Bitimlar bilan shakllantirilgan platforma ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish imkonini beradi. Jumladan, oʻzaro investitsiyalar va savdo hajmini tez surʼatlarda oʻsib borishi uchun ham zarur huquqiy maydon va shart-sharoit yaratiladi.
Shu nuqtayi nazardan, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini birgalikda ishlab chiqish doirasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish va loyiha boʻyicha kelishish jarayonlarini qisqa muddatda yakunlash choralarini koʻrishga kelishildi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi - Oʻzbekiston va Turkiyani bogʻlaydigan transport yoʻlaklari orqali yuk tashish hajmi barqaror oʻsishini taʼminlash maqsadida ushbu yoʻlaklar boʻylab “Yashil liniya” tezkor bojxona rasmiylashtiruvi tizimini yaratish masalasi koʻrib chiqiladi. Mazkur tizim tovarlarni oldindan deklaratsiya qilish hamda immigratsiya, karantin va manfaatdor mamlakatlar transport organlari oʻrtasida maʼlumotlarni elektron almashish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutadi. Tashqi savdo, bojxona va transport organlari vakillaridan iborat maxsus qoʻshma ishchi guruh tashkil etishga qaror qilindi. Guruhning maqsadi ushbu tashabbus doirasida amaliy vazifalarni ishlab chiqishdan iborat boʻladi.
Uchrashuv doirasida joriy yil fevral oyida amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashrif chogʻida tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Harakatlar rejasi” ijrosi koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari saʼy-harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirish orqali rejaning barcha bandlarini amalga oshirilishini tezlashtirishga qaror qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar Hukumatlararo qoʻshma iqtisodiy komissiya majlisini shu yil oxirigacha Toshkent shahrida oʻtkazishga kelishib oldilar.