Turkiya hosildorlik uchun juda halokatli ayozni boshdan kechirmoqda. Shu hafta harorat keskin pasayishi 2014 yildan beri birinchi marta qayd etildi. Bu haqda mamlakat qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli ijtimoiy tarmoq orqali bayonot berdi.
– 10-12 aprel kunlari qator hududlarda havo 15 darajagacha sovudi, ayrim hududlarda oxirgi 30 yildagi eng past harorat kuzatildi, – deb yozdi u. – Afsuski, sovuq ob-havo natijasida hosil uchun o‘ta noqulay kunlarni boshdan kechirdik. Bunday qiyin damda fermerlar qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Ayni payt ehtimoliy zarar miqdori hisoblab chiqilyapti.
O‘tgan hafta respublikaning aksar viloyatlarida havo birdan sovudi, ayrim tumanlarda qor yog‘di.
“Anadolu” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 81 viloyatdan 36 tasida ekinlarga ziyon yetgan. Xususan, -7 daraja kuzatilgan Malatiya viloyatida o‘rik daraxtlari jiddiy zarar ko‘rgan. Izmir, Denizli va Manisada uzumzorlar, olma, olcha, o‘rik novdalari jiddiy jabrlangan.
– Qahramanmarashda harorat -13 darajagacha tushib, olma, behi, yong‘oq, bodom, olcha, o‘rik, pista va zaytunni sovuq urdi, – deyilgan mahalliy qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tarqatgan ma’lumotda.
S.Rahimov, O‘zA