Turkiyaning “TÜSAŞ” konserni Indoneziya bilan 48 ta “KAAN” qiruvchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Bu haqda “RIA Novosti” nashri yozmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv Turkiya tarixidagi harbiy-sanoat kompleksi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha eng yirik bitim hisoblanadi.
Mamlakatlar o‘rtasida imzolangan tegishli kelishuv iyun oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an tomonidan e’lon qilingan edi.

Indoneziyaga “KAAN” qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha rasmiy shartnoma “IDEF” mudofaa ko‘rgazmasi doirasida imzolangani aytilmoqda.
– Biz mudofaa mahsulotlari eksporti bo‘yicha eng yirik kelishuvdan mamnunmiz, — deyiladi konsernning ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, beshinchi avlod “KAAN” qiruvchi samolyoti ilk parvozini 2024 yilning fevralida amalga oshirgan edi. Bu Anqaraning jangovar samolyotlar ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga qo‘shilishga qattiq intilayotganini ko‘rsatmoqda.
Beshinchi avlod jangovar samolyotlarini ishlab chiqarishga qodir davlatlar ro‘yxatiga hozirda Rossiya (Su-57 va Checkmate), AQSH (F-22 va F-35) va Xitoy (J-20) kiradi.
S.Rahimov, O‘zA