Turkiya futboli o‘z tarixidagi eng yirik korrupsiya mojarosiga duch keldi. Gap shundaki, 371 hakam va mingdan ortiq futbolchi o‘yinlarga pul tikishgan. Ular orasida Turkiyaning yetakchi klublari va milliy terma jamoasi o‘yinchilari ham bor. Ayni paytda tergov ishlari boshlanib ketgan, unga Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) va Interpol qo‘shildi.
Turkiya futboli noqonuniy pul tikish bilan bog‘liq katta mojaro tufayli larzaga kelmoqda, deb yozdi “Milliyet” gazetasi. Mingdan ortiq futbolchi ishtirok etgan tergovdan so‘ng, prokurorlar 46 kishiga, jumladan, Turkiya futbolida yetakchi klublardan bo‘lgan “Fenerbahche” va “Galatasaroy” o‘yinchilariga, shuningdek, hakamlar va yuqori lavozimli amaldorlarga hibsga olish orderlarini chiqardi.
Ta’kidlash joizki, bu oktyabr oyida boshlangan tergovning yakuniy natijasidir. O‘shanda hakamlar orasida futbol o‘yinlarida firibgarliklar bo‘yicha gumonlar paydo bo‘lgan edi.

Ba’zi hakamlar o‘zlari boshqargan o‘yinlarga pul tikmaganligini, go‘yoki futbol translyatsiyalarini tomosha qilish uchun bukmekerlik saytlarida ro‘yxatdan o‘tganliklarini da’vo qilishdi. Biroq bunday holatlar yillar davomida e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan darajada tanqidlarga uchradi. Superliganing yirik klublari - Fenerbahche, Galatasaroy, Beshiktosh va Trabzonspor muxlislari hakamlik qarorlariga shubha bilan qarashdi, bu esa o‘yin muhitini buzdi va jamoatchilikning hakamlar va futbol rasmiylariga bo‘lgan ishonchining pasayishiga olib keldi.
Har bir bahsli jarima to‘pi, videoyordamchi (VAR) hakamning g‘alati qarorlari yoki shubhali qizil kartochkalar bosimni oshirdi va firibgarlik dalili sifatida qabul qilindi. Bularning barchasi 2011 yilda yirik kelishilgan o‘yinlar mojarosi - “şike ishi” (kelishilgan o‘yin) paytida ma’lum bo‘ldi.

Turkiya prokurorlari hozirda UEFA, Interpol va Chernogoriya, Kipr va Gruziyadagi xorijiy bukmekerlik boshqaruvlari bilan noqonuniy garovlar qo‘yish uchun ishlatiladigan xalqaro tarmoqlarni kuzatish ustida hamkorlik qilmoqda. Masalan, “Sportradar” servisi Turkiya futbol federatsiyasiga Yevropa bo‘ylab noqonuniy garovlar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashda yordam beradi. Turkiya Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish komissiyasi (MASAK) o‘yinchilarning moliyaviy faoliyatini kuzatib boradi.

Joriy yilning 5 dekabr kuni politsiya Istanbulda reydlar o‘tkazdi va “Fenerbahche”dan Mert Haqon Yondosh, “Galatasaroy”dan Metexan Boltachini hibsga oldi. Gumon qilinayotgan futbolchilar o‘z jamoalarining o‘yinlariga pul tikishda ayblanmoqda.
Tergovga ko‘ra, Haqon Yondosh vositachilar orqali pul tikkan, Metexan Boltachi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Galatasaroy” o‘yinlariga pul tikkan.

Tergov ishlari firibgarliklarda gumon qilingan 150 dan ortiq hakam bilan boshlandi va tezda futbolchilar va televideniye mutaxassislarini ham o‘z domiga tortdi. Bir oy oldin mingdan ortiq futbolchi, jumladan, yuqori diviziondan 25 nafar futbolchi o‘yindan chetlashtirildi.
O‘lka prokuraturasi jami 46 ta chetlatish buyrug‘idan 35 tasining bajarilganini tasdiqladi. Hibsga olinganlar orasida taniqli turk hakamlari Ahmet Chakar va Zorbay Kuchuk ham bor.
S.Rahimov, O‘zA