Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya elchisi Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabiga tashrif buyurdi
18:58 / 2021-01-19

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mexmet Sureyya Er janoblari, elchixonaning ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Ali Eyupkoja, madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Alparslan Akinji hamda Turkiya televideniyasining bir guruh vakillari tashrif buyurdi.

Ijod maktabida “Do‘stlik madhi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Nufuzli mehmonlarni munosib kutib olgan Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoil dastlab tadbir ishtirokchilarini muassasada o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, Prezidentimiz tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dodini yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan 5 ta tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garak faoliyatlari va o‘quvchilarning ijodiy ishlari bilan tanishtirdi.

“Do‘stlik madhi” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirni maktabning iqtidorli, ijodkor o‘qituvchilari Mohidil Ziyayeva hamda Husniddin Haitovlar o‘zbek va turk tillarida olib bordi.

Tadbirda Jaloliddin Rumiyning “Dostlar gün bügün”, Nozim Hikmatning “Kerem gibi”, Yunus Emrening “Gönüller yapmaya geldim”, Halima Xudoyberdiyevaning “Dorulomon kunlar keldi” hamda Muhammad Ismoilning “Do‘stlik madhi” she’rlarini turk va o‘zbek tillarida maktabning iqtidorli, ijodkor o‘quvchilari Gulbahor Yorqinova, Sevinch Saidova, Shahzoda Hamroqulova, Gulsanam Turg‘unboyeva, Shahlo Davronbekova hamda Zulhayo Mingboyevalar o‘zbek va turk tillarida yoddan ifodali o‘qib berdi.

[gallery-839]

O‘quvchilar tomonidan aytilgan turk va o‘zbek tilidagi she’rlar mehmonlar tomonidan yuksak baholandi.

Shuningdek, tadbirda o‘quvchilar tomonidan turk milliy raqsi “Zeybek”, o‘zbek raqslari “O‘zbekistonim”, “Lazgi”, qoraqalpoq milliy raqsi “Qoraqalpog‘im” raqslarini maromiga yetkazib ijro etildi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mexmet Sureyya Er janoblari tadbir so‘nggida so‘zga chiqib, o‘quvchilarning bilimi, iste’dodi, til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari, tadbir davomida namoyish etilgan badiiy chiqishlarining har birini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston – Turkiya davlatlarining madaniyati, tarixi azal-azaldan bir-biriga chambarchas bog‘liqligi haqida to‘xtaldi. Bu ikki davlatning aloqalari har bir sohada, davlatlarimiz rivojining har bir jabhasida namoyon bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Mexmet Sureyya Er janoblari tomonidan ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoilga “Turkiya – o‘zbekistonlik jurnalist va fotorassomlar nigohida” nomli xalqaro fotoko‘rgazmada ishtirok etganligi uchun sertifikatini tantanali ravishda topshirdi.

Turkiyalik nufuzli mehmonlar, o‘quvchilarning tadbirdagi barcha badiiy chiqishlari, turk tili to‘garagi o‘qituvchisi Nasibaxon Qo‘ziyeva hamda tarbiyachilari tomonidan ko‘tarinki ruhda tashkil etilganligi maqtovga sazovor ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

“Do‘stlik madhi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri barchada katta taassurot qoldirdi.

A.QAYUMOV,  F.TOSHMATOV (surat), O‘zA