English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya delegatsiyasi TDSHUda
19:05 / 2024-02-22

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi – TIKA prezidenti Serkan Kayalar boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bo‘ldi.

Universitet rahbariyati va mehmonlar o‘rtasidagi muzokara chog‘ida turkshunoslikni rivojlantirishga qaratilgan  hamkorlik loyihalari,  istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

– TDSHU bitiruvchilari bugun dunyoning turli davlatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganidan xabardormiz, – dedi  Serkan Kayalar.  – Ular AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Belgiya, Isroil, Hindiston, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr sinagri qator mamlakatlarda O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlayotgani ushbu ta’lim maskanining yuksak mavqei va reytingidan dalolat.

[gallery-16096]

Mulozim mazkur universitet TIKA bilan bir qatorda TURKSOY xalqaro madaniyat tashkiloti, Anqaradagi Hoji Bayram Valiy, shuningdek G‘ozi, Marmara, Otaturk, Istanbul universitetlari bilan o‘rnatilgan aloqalarni  olqishlab, bu uzviy rishtalar tobora mustahkamlanib borayotganini e’tirof etdi.

– 2020 yil 1 iyunda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Turkshunoslik fakulteti ochilishi qardosh davlatlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanishi davrida zarur bo‘ladigan mutaxassislar tayyorlashga zamin yaratdi, – deya so‘zini davom ettirdi janob Kayalar. – Ushbu fakultet oldida turgan dolzarb vazifalardan biri turk tilidan ta’lim berish barobarida turkshunoslikni rivojlantirish, ya’ni tilshunoslik, adabiyot, siyosat, iqtisodiyot, tarix, madaniyat sohalari uchun mutaxassis, tadqiqotchi kadrlar tayyorlashdan iborat. Nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyoda yagona ushbu dargohda turkshunoslik sohasida yetuk filolog, tarjimonlar, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama rivojlantirish, do‘stligimizni yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shadigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanayotganidan behad mamnunmiz.

Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA