Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Sarjan Kayalar boshchiligidagi delegatsiya 24 fevral kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Dastlab Turkiya Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsulxonasida uchrashuv o‘tkazildi. Sarjan Kayalar Turkiyaning Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer bilan suhbatlashdi.
Delegatsiya Samarqandda joylashgan Markaziy Osiyo tadqiqotlar xalqaro institutiga bordi. Institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi prezidenti Sarjan Kayalar va Markaziy Osiyo tadqiqotlar xalqaro instituti rektori Evren Rutbil o‘zaro anglashuv memorandumi imzolashdi.
[gallery-16122]
– O‘zbekistonga tashrif o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, deb o‘ylayman, – dedi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi prezidenti Sarjan Kayalar. – Toshkentda o‘tkazilgan muloqotlarimiz davomida muhim kelshuvlarga erishdik. Bugun Samarqand sayohatimiz ham g‘oyat samarali kechdi. Samarqand O‘zbekistonning yuragi. Uning ta’rifiga til ojiz. Men shunday muqaddas zaminga qadam qo‘yganimdan xursandman. Tashrifimiz davomida Markaziy Osiyo tadqiqotlar xalqaro instituti bilan anglashuv memorandumini imzoladik. Bu o‘zaro aloqalarimizni rivojlantirishga alohida xizmat qiladi, albatta. Maqsadimiz do‘stligimiz, hamkorligimizni yanada rivojlantirishdan iborat.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari