Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turkiya, biz sen bilan birgamiz!”
19:27 / 2023-03-17

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitidagi nutqini tinglab, ko‘nglimdan shunday fikrlar o‘tdi...

O‘zbek xalqi hech qachon boshiga kulfat tushgan qardoshini, do‘stini, qo‘shnisini yolg‘izlatib qo‘ymagan. Dardini o‘z dardi, qayg‘usini o‘z qayg‘usi, deb bilgan. Shuning uchun ham o‘zbeklarga nisbatan bag‘rikeng, mehmondo‘st, qalbi daryo, mehr-oqibatli, deya ta’rif beriladi.  

Turkiyada yaqinda yuz bergan dahshatli zilzila butun O‘zbekistonni, o‘zbek xalqini chuqur qayg‘uga soldi.  Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar birdamligi yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Sammitdagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni», deb e’lon qilishni taklif etdi. Mazkur taklif zamirida ham insonparvarlikning eng oliy namunasi mujassam. Mamlakatimiz rahbarining ushbu fikri tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.  Nafaqat xotira, balki birdamlik tuyg‘usining bugungi dunyoga naqadar zarurligini, kerakligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqidaTurkiyadagi zilzila markazlaridan biri bo‘lgan, qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga O‘zbekiston munosib hissa qo‘shishini ma’lum qildi.  O‘zbekiston barpo etadigan inshootlar kelgusida xalqlarimiz yaqin do‘stlik va birdamligining timsoliga aylanishini ta’kidladi.  

Bu esa O‘zbekiston o‘z do‘stlari, hamkorlari, hamfikrlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga, qudratiga ega ekanligidan dalolatdir.

Prezidentimiz talafot ko‘rgan hududlardagi yoshi ulug‘ insonlarni dam olish, davolanish va ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi aytildi.  

Ushbu yoz mavsumida Hatay yoshlarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etiladi. Ular uchun Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlariga sayohatlar uyushtiriladi. Biz ham turkiyalik yoshlarni Samarqand davlat universitetida kutib qolamiz.  Qardoshlarimizga ko‘rsatiladigan ushbu e’tibor  zilzila tufayli yaqinlarini yo‘qotganlarga, boshpanasidan ayrilganlarga ruhiy quvvat bo‘lishiga, zilzila dahshatlarini tezroq unutishlariga ko‘mak berishiga ishonaman.

Nazarimda davlatimiz rahbari mazkur nutqi bilan butun O‘zbekiston xalqining qardoshlarimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatini ifoda etdi. Sammit O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rni va so‘zi borligini yana bir marta ko‘rsatdi...  

Rustam Xolmurodov,  

Samarqand davlat universiteti rektori,  

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,  

Oliy Majlis Senati a’zosi