Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya bilan tovar aylanmasi yiliga 5 milliard dollarga yetadi
17:25 / 2021-12-10

Jahon matbuoti sahifalarida

2021 yil oxirida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi ilk bor 3 milliard dollardan oshadi.

- Ikki davlat rahbarlari topshirig‘iga ko‘ra, tovar aylanmasi hajmini 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan, - dedi O‘zbekiston – Turkiya eksportini rag‘batlantirish markazi rahbari Serdar Keskin «Anadolu» agentligi muxbiriga. - Toshkent va Anqara o‘rtasida savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Joriy yil 10 oyi davomida o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti 73,3 foiz, Turkiyadan amalga oshirilgan import 55,3 foiz o‘sgan.

Binali Yildirimga Hoja Ahmad Yassaviy universiteti faxriy professori bo‘ldi 

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi rahbari Binali Yildirimga Qozog‘istonning Turkiston shahriga tashrifi chog‘ida Hoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro Turk-Qozoq universiteti Faxriy professori unvoni topshirildi.

Binali Yildirim bilan birga Turkiya aerokosmik sanoat kompaniyasi bosh direktori Temel Kotil, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Omer Kojaman, Turkiyaning Nur-Sultondagi elchisi Ufuk Ekiji, Hoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro Turk-Qozoq universiteti vasiylik kengashi raisi Muhittin Shimshek va boshqa mehmonlar tadbirdan so‘ng Forob kutubxonasi va “Karvon saroy” sayyohlik majmuasini tomosha qilishdi.

- Turk davlatlari ham iqtisodiy, ham inson resurslari bo‘yicha ulkan salohiyatga ega mintaqa hisoblanadi, - dedi Binali Yildirim. - Gap 1,3 trillion dollarlik iqtisodiyot, 5 million kvadrat kilometrlik maydon va 160 million aholiga ega mintaqa haqida ketmoqda. Raqamlarning o‘zi ham hamjamiyatimiz ulkan mintaqaviy va global mazmun kasb etishini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston texnoparklarni rivojlantirishda Turkiya tajribasidan foydalanadi 

Turkiyaning Istanbul texnoparki va O‘zbekiston yuqori texnologiya sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Ma’lum qilinishicha, Istanbul texnoparki mahalliy va xorijiy, ayniqsa, ittifoqdosh davlatlar kompaniyalari, tadbirkorlariga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda. 

Hujjatni imzolash marosimida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Amirsaid A’zamxo‘jayev, Istanbul texnoparki boshqaruvi raisi Metin Yerebakan va bosh direktori Bilal Topchu ishtirok etdi.

Koronavirus bilan aloqa qilganda yonadigan niqob yaratildi 

Yaponiyada COVID-19 zarralari bilan to‘qnashganda yonadigan niqob ishlab chiqildi. Kioto universiteti mutaxassislari tuyaqush turli antijismlar ishlab chiqarishi mumkinligini aniqlashdi. Fevral oyida olimlar o‘z faolligini yo‘qotgan COVID-19 zarralarini laboratoriya tuyaqushlari tanasiga yuborishdi. Tajriba natijasida tuyaqush tuxumidan ko‘p miqdorda antijism topilgan.

Mutaxassislar olingan modda asosida fluoressent bo‘yog‘i bilan qayta ishlangan himoya filtri yaratib, niqobga joylashdi. Virus zarrachalari bilan to‘qnash kelganda niqobning yuza qismi ultrabinafsha spektrda porlaydi.

Yaponiyalik olimlar o‘n kun davomida 32 nafar koronavirusga chalingan bemorni sinovdan o‘tkazishdi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, ishtirokchilar taqqan barcha niqoblar ultrabinafsha nurlanishiga reaksiya bergan. Shundan so‘ng jamoa tajriba ishtirokchilari sonini 150 nafarga oshirdi.

– Tajriba niqobning samaradorligini yana bir bor tasdiqladi. “Kelajakda ushbu niqobni virusni aniqlaydigan vositalar qatoriga kiritmoqchimiz. Eng muhimi niqob qimmat bo‘lmaydi, – deydi tadqiqot rahbari. 

*** 

“Jahon matbuoti sahifalarida” rukniga oid taklif, fikr-mulohazalarni pochta@uza.uz manziliga yuborishingizni so‘raymiz.

I.Abdumalikzoda tayyorladi, O‘zA