Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Turkiyaning yirik xoldinglaridan biri hisoblangan "Demirören Holding" direktorlar kengashi raisi Yildirim Demiro‘ren bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar qurilish va energetikadan tortib, mehmonxona biznesi hamda shahar infratuzilmasini boshqarishgacha bo‘lgan turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Poytaxt hokimi Toshkentda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlarni ta’kidladi.

Muloqotda "Yangi avlod" maxsus iqtisodiy zonasi, "Yangihayot Industrial Park" sanoat hududini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro brendlarning poytaxtimiz sayyohlik va mehmonxona bozoriga qiziqishi ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

"Demirören Holding" rahbariyati O‘zbekistondagi o‘zgarishlar sur’atini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini izhor etdi.

Tomonlar muloqotni davom ettirish va hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini puxta ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA