French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya bilan hamkorlikda tibbiyot yo‘nalishida yangi loyihalar amalga oshiriladi
10:12 / 2024-08-01

Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda tibbiyot sohasidagi hamkorlik natijalari va kelgusi rejalar xususida atroflicha fikr almashildi. 

Ta’kidlanganidek, Turkiya – O‘zbekiston uchun yaqin do‘st, ishonchli hamkor. Xalqlarimiz o‘rtasida qardoshlik rishtalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal sur’atda davom etmoqda. 

Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6 iyun kuni Turkiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishda yangi sahifa ochdi. 

Qayd etish kerak, bugungi kunda ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida davolash muassasalarini qurish, tibbiy ta’lim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilyapti. 

Xususan, ayni paytda Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida Sog‘liq bilimlari universitetining tibbiyot fakulteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yili ochilgan Hamshiralar akademiyasida Sog‘liq bilimlari universitetining «Hamshiralik ishi» fakulteti ish boshladi. 

Shuningdek, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida joylarda bemorlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani va yurtimizning turli hududlaridagi tug‘uruq komplekslari zarur jihozlar bilan ta’minlangani o‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishidir. 

Suhbat chog‘ida A.Xudoyorov turkiyalik yetakchi mutaxassislar ishtirokida yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va farmatsevtika sohasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator loyihalar rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda tibbiy ta’lim va dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi bir qancha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. 

Muloqot yakunida elchi janoblari Turkiya tomoni O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori sur’atda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA