Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiya – AQSH: Bayden avvalgi prezidentlarga o‘xshamadi
13:08 / 2021-04-28

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an AQSH bilan mudofaa va iqtisodiy sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni to‘xtatib qo‘ymoqchi.

Bunga AQSH prezidenti Jo Baydenning XX asr boshlarida Usmoniylar imperiyasida sodir etilgan voqealar qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan bergan bayonoti sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Yaqinda Amerika prezidenti Jo Bayden Usmoniylar imperiyasi armanlarga genotsid uyushtirganini tan oldi. Bu shundoq ham Anqara bilan Vashington munosabatlaridagi keskinlik yanada ortishiga sabab bo‘ldi.  

Turkiyaning AQSHga qarshi rejalashtirilayotgan javob choralaridan biri  mudofaa va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni to‘xtatib qo‘yish ekani aytilmoqda. Mazkur shartnoma o‘z vaqtida Anqaraga Suriya va Iroq mojarolarida Vashington bilan birgalikda harakat qilish imkonini bergan edi.

Mudofaa pakti ikki mamlakat o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlikka oid muhim hujjatlardan sanaladi. Shartnoma Anqara va Vashington o‘zaro razvedka ma’lumotlarini almashish, birgalikda harbiy o‘quv mashqlarini o‘tkazish, shuningdek, amerikaliklarning Turkiya aviabazalaridan foydalanishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, shartnomaga AQSHning Turkiyaga moliyaviy va iqtisodiy yordam berishi, harbiy sanoatini modernizatsiyalashni qo‘llab-quvvatlashi haqida ham bandlar kiritilgan.  

"Har yili ushbu kun Usmoniylar imperiyasi davrida armanlar genotsidi paytida qurbon bo‘lganlarni xotirlaymiz va bunday yovuzlikning qayta  takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beramiz", – degan Jo Bayden 24 apreldagi chiqishida. AQSHning hali birorta prezidenti “genotsid” atamasini tilga olishga jur’at etmagandi. Ular Turkiya bilan munosabatlar yomonlashib, Yaqin Sharqdagi eng yaqin sherigidan ajralib qolishidan  xavotir olishardi.  

Bayden ishonchni oqlamadi

Anqara Baydenning ushbu bayonotini shaxsan Rejep Tayyip Erdog‘anga qarshi chaqiruv sifatida ko‘rmoqda. Kuni kecha AQSH prezidenti Turkiya yetakchisiga telefon qilib ushbu qarorni qabul qilganini ma’lum qilar ekan,  saylovchilarga shunday va’da berib qo‘yganini bilan izohladi.

Turkiya Amerikaning Anqaradagi elchisiga norozilik bildirdi.

Turkiya haqiqatan ham 1915-1922 yillarda Usmonlilar imperiyasi hududida ko‘plab armanlar halok bo‘lganini tan oladi, lekin etnik tamoyillarga asoslanib atay qatliom uyushtirilganini qat’iy ravishda rad etgan.  

Munosabatlarning kelgusi taqdiri nima bo‘ladi?  

So‘nggi yillarda Anqara bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlar kuzatildi. AQSH Turkiyani NATOdagi eng muammoli ittifoqchi deb hisoblaydi. Turkiya Oq uyga yangi ma’muriyat kelishi bilan bu boradagi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishidan umid qilgan edi, lekin bu umid puch ekani Bayden bayonotidan keyin ayon bo‘ldi.

Anqara Ikkinchi jahon urushidan keyinoq Vashingtonning mintaqadagi o‘ng qo‘liga aylandi. Lekin o‘rtada vaqti-vaqti bilan sovuqchilik ham tushib turdi. Masalan, Oq uy Turkiyani 1974 yil Kiprda amalga oshirgan harbiy kampaniyasini tanqid qildi, keyinroq Turkiya Iroqdagi urushda Pentagonga yordam berishdan bosh tortdi. 2013 yil Vashington Turkiyada aholining ommaviy norozilik chiqishlariga qarshi hukumat qo‘llagan harakatlarni qoraladi.  

Erdog‘an hukumat tepasiga kelganida amerikaliklar uni qo‘llab-quvvatladi. Ko‘pchilik Adolat va taraqqiyot partiyasini (ATP) g‘arbning loyihasi, deb qabul qildi. Lekin ATP vaqt o‘tgan sayin mustaqil bo‘lib bordi. Turkiya mintaqadagi yetakchiligini yashirmagan holda, qadam-baqadam Vashington ta’siridan xalos bo‘la boshladi.

Vashington bilan Anqara munosabatlari ayniqsa Turkiyaning Rossiyadan S-400 "Triumf" raketa kompleksini xarid qilganidan keyin chigallashdi. Ushbu xarid amerikaliklarni g‘azablantirgani jahon ommaviy axborot vositalarida ko‘p yoritildi. Turkiya iqtisodiyotiga sezilarli zarba bo‘ladigan sanksiyalar e’lon qilindi. Lekin Erdog‘an niyatidan qaytmadi, S-400 "Triumf" raketa kompleksi Turkiya hududiga keltirildi.

Turkiya bilan AQSHning Suriya borasidagi aloqalari ham oson kechmadi. Vashingtonning ISHID jangarilariga qarshi kurashda kurdlardan foydalanishi Turkiya noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, Erdog‘anning harakatlari Oq uyning asabiga o‘ynadi. Qolaversa, avvalgi prezident Donald Tramning Quddusni Isroil poytaxti, deb tan olishi hamda u yerga AQSH elchixonasining ko‘chirilishi Anqaraning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Erdog‘an haqiqatni yolg‘onlardan himoya qilishga va’da berdi

Xullas, Baydenning bayonoti anchadan buyon davom etib kelayotgan o‘zaro ziddiyatni yanada kuchaytirdi. Erdog‘an AQSHga birovlarni ayblashdan oldin “o‘ziga bir qarab qo‘yishni” maslahat berdi.

"Agar "genotsid" haqida gapiradigan bo‘lsak, avval o‘zingizga bir qarab oling. Hindular haqida gapirmasa ham bo‘ladi, hammasi shundog‘am ayon. Ayblovlarni Vetnam va Iroq urushi bilan davom ettirish mumkin. Shunday ekan, Turkiyaga “genotsid” tamg‘asini yopishtira olmaysizlar” dedi Erdo‘g‘on vazirlar mahkamasi majlisi yakunlari bo‘yicha qilgan murojaatida.

Turkiyaning keyingi qadamlari qanday bo‘ladi?  

Baydenning bayonoti Turkiya jamoatchiligini ham g‘azablantirgani turgan gap. Masalan, Turkiyaning Vatan partiyasi AQSHning Anqaradagi elchixonasi binosi oldida miting o‘tkazib, AQSH prezidenti Jo Baydenning armanlar genotsidini tan olganiga javoban bir qator choralarni taklif etdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li esa Baydenning ushbu bayonotini populistik harakat deb baho berdi. Uning aytishicha, 1915 yildagi genotsid bo‘yicha "xalqaro sudning qarori bo‘lmaganidek, armanlar tomonida ham hech qanday aniq dalillar yo‘q".

Shunday ekan, Anqara 1915 yilgi voqealarga nisbatan “genotsid” atamasini ishlatmaslikni talab qiladi, chunki ushbu voqelarning qurboni nafaqat armanlar, balki turklarning o‘zlari ham bo‘lgan.  

Turkiya har doim Birinchi jahon urushi davridagi voqealarga ob’ektiv baho berish uchun mamlakatdagi arxiv hujjatlarini o‘rganish maqsadida xalqaro tarixchilar komissiyasini tashkil qilishga chaqirib keladi. Lekin nimagadir bu chaqiriqlarga G‘arb davlatlari haligacha munosabat bildirmagan.

AQSH rahbarining ushbu harakati ko‘p savollarga sabab bo‘lishi turgan gap. Masalan, xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Armine Manukyanning fikricha, Bayden genotsidni Armaniston uchun emas, balki o‘zining saylovchilari uchun tan olgan. "Ikkinchi manzil tabiiyki, Turkiya hisoblanadi. Bayden ma’muriyati Tog‘li Qorabog‘ urushidan keyin mintaqadagi ta’sirini oshirishga urinmoqda. Baydenning bayonoti faqat ramziy ko‘rinishga ega, bu uning hokimiyati imiji uchun juda zarur", – deydi siyosatshunos.

Darvoqe, AQSH tomonidan armanlar genotsidining tan olinishi Turkiyaga qandaydir moliyaviy yoki huquqiy javobgarlik yuklamaydi. Lekin Oq uy rahbarining o‘z imijini o‘ylab ushbu bayonotni berishi AQSH – Turkiya munosabatlarini yanada murakkablashtiradi.  

So‘nggi ma’lumotga qaraganda, Turkiya parlamenti ham Jo Baydenning bayonotini qoralab rezolyutsiya qabul qilgan.  

"AQSH prezidentining tarixiy masalalar bo‘yicha hukm chiqarishga na huquqiy va na ma’naviy haqqi bor, uning bayonoti huquqiy kuchga ega emas", deyiladi rezolyutsiyada.  

Saidmurod Rahimov, O‘zA