French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turkiy xalqlar tarixiga oid noyob arxiv hujjatlari” nomli kitob nashr etiladi
15:15 / 2023-07-21

Milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2023 yilning birinchi yarim yilligi davomida agentlik tizimida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda ma’lumot berilishicha, joriy yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatida xususiy tadbirkor tomonidan 3 qavatli, zamonaviy talablar asosida qurilgan Denov tumani davlat arxivi foydalanishga topshirildi. Mazkur davlat arxivi binosi 150 ming saqlov birligiga ega bo‘lgan yangi zamonaviy arxivlardan hisoblanadi.    

Agentlikka 2023 yilning 1-yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 490 ta murojaat kelib tushgan. Respublika arxivlariga 323 ming 700 ta mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan bo‘lib, ijrosi ta’minlandi.    

Tizimni rivojlantirishda qonunchilik va ichki normativ hujjatlarga e’tibor kuchaytirildi. Jumladan, respublikamizda arxiv ishini tartibga solish va uni rivojlantirishga qaratilgan jami 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa, joriy yil 6 oyda 2 ta qonun hujjati ishlab chiqildi.   

 

Jumladan, zamon talablaridan kelib chiqqan holda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.    

Loyihaning asosiy maqsadi tadbirkorlik sub’ektlari nodavlat arxivlarni davlat reyestriga kiritish hamda hujjatlarni elektron arxivlash (saqlash) xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat arxivlarning ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabini xabardor qilish tartibiga o‘zgartirishdan iborat.    

Endilikda nodavlat elektron arxivlarni tashkil etish bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtiriladi. Bugungi kunda loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan bo‘lib, kelishish jarayonida.    

Arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat samaradorligini aniqlash, baholash hamda faoliyatni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish natijasida joriy yil 6 oyida “O‘zarxiv” agentligining arxiv ishi sohasi boshqaruvi xalqaro standartlar talablariga muvofiq deb topildi. Hususan, xalqaro talablarga muvofiqlik darajasi o‘rganib chiqilib, ISO 9001:2015 sifat ko‘rsatkichi standarti bo‘yicha va korrupsiyaga qarshi ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatlariga ega bo‘ldi.   

2023 yil may oyining 10-24- kunlarida Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO ijroiya kengashining 216-yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi” deb nomlangan arxiv fondi YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi. Bugungi kunda mazkur fonddagi jami 9441 yig‘majild 2 ta arxiv ro‘yxatiga kiritilgan. Hujjatlarning davriy chegarasi 1718-1920 yillarni qamrab oladi. Fonddagi asosiy ashyolar Buxoro amirligi davlat siyosati, kommunikatsiya va logistika, harbiy ish, pasport tizimi, fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilish, ma’muriy-hududiy tuzilishi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot va san’atga oid hujjatlardan iborat.    

O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro amirligi qushbegi devonxonasi” arxiv fondi hujjatlari to‘plami O‘rta Osiyo hukmdorlarining osiyo tillarida (arab, fors, chig‘atoy, rus va turkiy) to‘plangan hujjatli merosi saqlanadigan yirik arxivlardan biri hisoblanadi. Ushbu arxiv hujjatlari to‘plami O‘rta Osiyo xalqlarining o‘ziga xos merosi bo‘lib, musulmon Sharqiga oid saqlanib qolingan eng katta hujjatlar to‘plami hisoblanadi.  

Shuningdek, joriy yil birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Milliy arxivining 2 nafar xodimi Turkiyaning “Usmonlilar arxivi”da tadqiqot olib borib, O‘zbekiston tarixiga oid 5000 dan ortiq (kadr) hujjatlarni aniqladi va nusxalarini olib keldi. Aniqlangan arxiv hujjatlari o‘zbek davlatchiligining XIV asrdan boshlab to XX asr boshlaridagi (1923 yil) siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tarixini tadqiq etishga, uni yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qiladi.    

Mazkur hujjatlar Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari bilan hamkorlikda o‘rganilib, ilmiy muomalaga kiritiladi. Bugungi kunda agentlik tomonidan “Usmonlilar arxivi” va O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan hujjatlar asosida “Turkiy xalqlar tarixiga oid noyob arxiv hujjatlari” nomli kitob nashr etish rejalashtirilmoqda.    

Bu yil MDH mamlakatlari davlat arxiv idoralari rahbarlari Maslahat kengashining 19-yig‘ilishi ilk bor Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirildi. Bugungi kunda mazkur xalqaro anjumanni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur tadbir doirasida elektron arxiv hujjatlarini rivojlantirish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish borasida “Raqamlashtirish va elektron hujjatlar saqlovi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkaziladi.    

Shuningdek, davlat organlari va ularning quyi tuzilmalarida, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqish, dekabr oyiga qadar amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.    

Gulnoza Boboyeva, O‘zA