Turkiyaning Arzinjan shahrida VI Turk dunyo oshiqlari festivali bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerakki, turkiy xalqlarning oshiqlik san’ati musiqa, ijrochilik, qadimiy xalq og‘zaki ijodiyotini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli bo‘lib, dostonchilik, baxshichilik san’atiga uyg‘un yo‘nalishdir.
Turkiyaning Arzinjan shahrida bo‘lib o‘tgan VI Turk dunyo oshiqlari festivalida Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Bolgariya, Xitoy va boshqa davlatlardan baxshi, o‘zan – qo‘shiqchi-shoir, oshiqlar va folklorshunos olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, festival davomida ishtirokchilar o‘zlarining an’anaviy musiqiy cholg‘ulari bilan tomoshabinlarga noyob ijrolarini taqdim etdi.
Shu bilan birga, oshiqlik san’ati, xalq musiqasi va folklor an’analari bo‘yicha seminar va anjumanlar, qiziqarli ma’ruza taqdimotlari o‘tkazildi.

Festivalning asosiy maqsadi turk dunyosining boy madaniy merosini yosh avlodga yetkazish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Mazkur festivalda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining "Doston ijrochiligi" kafedrasi katta o‘qituvchisi, "Shuhrat" medali sohibi Rasulbek baxshi Abdurahmonov ishtirok etdi. O‘zbekiston vakillari mamlakatimizda dostonchilik, baxshichilik, xalq ma’naviy merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasidagi ibratli ishlar xususida batafsil ma’lumot berdi. Bu borada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqaro tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi.

Ushbu festival turk dunyosining madaniy boyligini asrab-avaylash va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA