Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turkiy xalqlar folklorining muhtasham namunasi
15:34 / 2025-11-21

Yaqindagina Samarqand shahrida YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va taklifi bilan Turkiy madaniyat va meros xalqaro fondi tomonidan Boku shahrida chop etilayotgan “Turkiy xalqlar folklori ko‘p jildligi”ning ilk jildi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashr turkiy xalqlar madaniy merosini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab bergani aniq.

Ushbu nashr haqida taniqli adabiyotshunos, folklorshunos olim, so‘z san’atimizning fidoyisi bo‘lgan ijodkor – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulovga bir necha savollar bilan murojaat qildik. 

–“Turkiy xalqlar folklorining ko‘pjildligi”ning ilk jildi zalvorli mehnatlar, katta ilmiy izlanishlar natijasida yuzaga keldi. Mazkur dastlabki jildning ahamiyati, uning ustida olib borilgan izlanishlar haqida gapirib bersangiz.

–  So‘nggi yillarda mamlakatimizda adabiyot, san’at, madaniyatga juda katta e’tibor berilmoqda. Xalqaro miqyosda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar, anjumanlar, loyihalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yuksak bir namunasiga aylanib bormoqda. Eng muhim jihati,  O‘zbekiston tomonidan  madaniy sohada bildirilayotgan ko‘plab tashabbuslarning xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotganidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining Bishkekda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Turkiy xalqlar folklor namunalarining ko‘p jildligi”ni yaratish g‘oyasi va taklifini ilgari surgan edi. Bu tashabbus Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi va bu ulkan loyihani amalga oshirish  uchun Turkiy xalqlar madaniyati va merosi fondi mas’ul etib belgilandi. 

Loyiha bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, uzoq yilga mo‘ljallangan. Unda turkiy xalqlar folklor namunalarining barcha janrlari qamrab olinadi. Ushbu ulkan loyihada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining folklorshunos olimlari ishtirok etishmoqda. 

Turkiy xalqlarning  qahramonlik dostonlariga bag‘ishlangan dastlabki jildi Turkiy xalqlar madaniyati va merosi fondi tomonidan Ozarbayjonning Boku shahrida chop etildi.

“O‘zbek qahramonlik eposi” jildidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi joy olgan. Mazkur tabrikda ushbu loyihaning ko‘lami va qahramonlik dostonlarining umumfolklor merosda tutgan o‘rni va ahamiyati ochib berilgan. Dastlabki jilddan o‘rin olgan “Alpomish”, “Rustamxon”, “Murodxon” kabi dostonlar olis zamonlardan to bugungi kungacha baxshilarimiz tomonidan sevib kuylanib kelinmoqda. Bu doston namunalarini ijro etuvchi baxshilarimizning san’ati YUNESKOning nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatidan joy olgani yanada quvonarli. Turkiy xalqlar folklorining keyingi jildlarida folklorning barcha janrlariga o‘rin berilishi ko‘zda tutilgan. Bu namunalar eng sara, eng mukammal namunalar ekani bilan alohida ahamiyatga ega.

“Turkiy xalqlar folklori ko‘p jildligi”ning ilk jildi nashri taqdimoti 4 noyabr kuni Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda YUNESKO tashkiloti mutasaddilari, Turkiy davlatlar tashiloti hamda Turkiy madaniyat va merosi fondi vakillari, anjumanga tashrif buyurgan madaniyat, san’at xodimlari ishtirok etishdi.

Bu nashr turkiy dunyoning nomoddiy madaniy meros yodgorliklarining keng qamrovli to‘plamini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam.

Besh jilddan iborat ushbu turkumga o‘zbek, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turk xalqlarining eng yorqin qahramonlik dostonlari, jumladan, "Alpomish", "Manas", "Go‘ro‘g‘li", "Kitabi-Dada Qo‘rqud", "Qobilandi botir", "Qambar botir", "Edige", "Qrimning qiriq botiri" kabi dostonlar kirgan.

Barcha dostonlar asliyatdan boshqa tillarga tarjimalarga QR havolalar va jonli ijroning an’anaviy davomchilari bo‘lgan taniqli baxshilarning audio yozuvlari bilan taqdim etilgan. Dostonlarning asliyatdagi matni, turk va ingliz tillaridagi nashrlarda turkiy dunyoning yetakchi olimlari dostonlarining ahamiyati, ularning tarixiy ildizlari, janriy xususiyatlar va xalqlarimizning ma’naviy va madaniy o‘ziga xosligini shakllantirishdagi rolini tahlil qilishga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar mavjud. Jild lug‘at, ijrochilarning tarjimai hollari va rang-barang rasmlar bilan ta’minlangan. Juda chiroyli, ham mazmun, ham kitobat san’ati nuqtai nazaridan muhtasham bir nashr bo‘lgan. 

– Ushbu muhtasham to‘plamning keyingi kitobi ustida ham izlanishlar olib borilyaptimi?

– Keyingi yillarda "Turkiy xalqlarning ishq-muhabbat dostonlari", "Turkiy xalqlar nasri" va “Turkiy xalqlar marosim folklori va kichik janrlari"ga bag‘ishlangan jildlarni nashr etish orqali loyihani davom ettirish rejalashtirilgan. Barcha nashrlarni bosma va elektron formatlarda  amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, jildlar keng qamrovli kirish so‘zi, izoh va lug‘atlar bilan ta’minlanadi, bu esa nashrning ilmiy va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.

–Bugungi kunda dostonchilik san’ati yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, folklorshunos olimlar, baxshilar, shu yo‘nalishda izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar uchungina qiziqarli, tushunarli bo‘lib qolmayaptimi? Dostonchilikning zamon yoshlari uchun jozibadorligini oshirish yo‘lida nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

–   Bu savolingizga javob berish uchun birgina suhbat doirasi kamlik qiladi, deb o‘ylayman. Birgina jihatiga to‘xtalib o‘tishim mumkin, folklor shunchaki badiiy so‘z san’ati namunasigina emas, millatning tili, tafakkuri, madaniyati va tarixi bilan bog‘liq jarayon. Shunday ekan, har qanday millatning buguni va ertasi shu san’atning jamiyat hayotida tutgan o‘rni bilan belgilanadi. Qolaversa, ommaviy madaniyat ta’siri kundan kun ortib borayotgan global jamiyatda, o‘zlikni saqlab qolishning ilk shartlaridan biri, bu folklor san’atini asrab-avaylash.

Bu loyiha doirasida chop etiladigan kitoblar nafaqat folklorshunos olimlar, balki turkiy davlatlarda yashayotgan har bir kitobxon uchun juda qiziqarli va muhim manba bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Turkiy xalqlar folklorining o‘ziga xos ko‘p jildligini yaratish shunchaki madaniy loyiha emas, balki bu turkiy xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolish va an’analarni jonli ijro holatida kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Biz bu loyiha nafaqat turkiy dunyoning rivojlanishiga hissa qo‘shishiga, balki insoniyatni badiiy so‘z san’atining yuksak namunalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar orqali birlashtiradigan global madaniy merosning bir qismi bo‘lishiga ishonamiz.

– Qiziqarli suhbat uchun tashakkur!

       O‘zA muxbiri 

Nazokat Usmonova 

suhbatlashdi.